O`zbekistonda uzoq yillar davomida erga nisbatan egalik qilish borasida xususiy mulk bilan bog`liq munosabatlarning joriy etilmaganligi respublikamizda haqiqiy mulkdorlar qatlamini to`laqonli shakllanmasligiga olib keldi. Natijada erni haqiqiy tovar sifatida baholanmasligi, unga bo`lgan munosabatning ikkinchi darajaga tushib ketishi, er bilan bog`liq noqonuniy harakatlarning ko`payishi o`z navbatida mulkdorlar sinfini shakllanishiga hamda xorijiy investorlarni mamlakatimizga kirib kelishiga jiddiy to`siqlarni yuzaga kelishiga sabab bo`ldi. Bu holat o`z navbatida mamlakatning investision jozibadorligiga salbiy ta`sir eta boshladi. Shu bilan birga uzoq yillar mobaynida erni xususiylashtirish bilan bog`liq jarayonlarga e`tibor qaratilmaganligi ayrim holatlarda mansabdor shaxslar, ba`zi hokimlar tomonidan erga egalik qilayotgan fermerlarning erlarini noqonuniy tortib olishga, ularni talon-taroj qilishga olib keldi. Shu bois bozor iqtisodiyotiga o`tish tamoyillariga amal qilgan holda mamlakatimizda erni xususiylashtirish borasida muhim qadamlar qo`yila boshlandi.
So`nggi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilgan eng muhim islohotlardan biri erni xususiy mulk sifatida e`tirof etilishini alohida ta`kidlab o`tishimiz mumkin. Davlatning bunday katta siyosiy irodasi zamirida erga nisbatan mulkiy munosabatlarni rivojlantirish, mulkdorlarga xususiylashtirilgan erni boshqa bir shaxslarga sotish, hadya qilish, ayirboshlash, garovga qo`yish, meros qilib qoldirish kabi huquqlarni berishni hamda shu huquqlarni qonun jihatidan kafolatlash yotganini alohida ta`kidlashimiz mumkin.
Iqtisodiy nuqtai nazardan erning xususiy mulk sifatida e`tirof etilishi o`z navbatida O`zbekistonda yangi avlod mulkdorlar qatlamini kengayishiga, er bilan bog`liq bozorning rivojlanishiga, er uchastkalaridan foydalanish bo`yicha samaradorlikni oshishiga olib keladi. Shu bilan birga erdan foydalanish jarayoniga bozor mexanizmlarini joriy etish, bu yo`nalishda mulkiy va huquqiy munosabatlarning barqarorligini ta`minlash, er egalarining mulkiy huquqlarini kafolatlash mamlakatda bozor mexanizmlarini yanada ishlashiga huquqiy asos bo`ladi. Chunki davlatning asosiy maqsadlaridan biri bozor munosabatlarini rivojlantirish sharoitida birinchi navbatda tadbirkorlikka keng yo`l berish hamda xususiy mulk egalarini huquqlarini himoya qilish hisoblanadi.
Mamlakatimizda so`nggi vaqtlarda Asosiy qonunimizga tegishli tuzatishlar, yangi normalarni kiritish bo`yicha keng ko`lamli islohotlar amalga oshirildi. Hozirgi kunga qadar ushbu yangi konstitusiya loyihasida inson huquqlarini yanada himoya qilish, ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarni huquqlarini davlat tomonidan kafolatlash hamda mamlakatamizda bozor munosabatlarini rivojlantirish bo`yicha bir qancha yangi normalar kiritilmoqda. Shunday muhim qoidalardan biri bevosita 68-moddaga kiritilayotgan “Er qonunda nazarda tutilgan hamda undan oqilona foydalanishni va uni umummilliy boylik sifatida muhofaza qilishni ta`minlovchi shartlar asosida va tartibda xususiy mulk bo`lishi mumkin” – degan normani alohida ta`kidlashimiz mumkin.
68-moddaga kiritilayotgan bu o`zgarishlar orqali mamlakatimizda erdan foydalanish sohasida bozor mexanizmlarini joriy etish, ushbu sohadagi mulkiy va huquqiy munosabatlarning barqarorligini ta`minlash, er egalarining mulkiy huquqlarini kafolatlash Konstitusiya orqali kafolatlanmoqda. Ushbu normaning amaliyotga joriy etilishi kelajakda mulkdorlarga, xususan fuqarolar va tadbirkorlik sub`ektlariga ularning erga bo`lgan mulk huquqini konstitusiyaviy darajada mustahkamlashga imkon yaratadi. Bu, o`z navbatida, mulkdorlarning huquqlarini ishonchli himoya qilish va kafolatlashga xizmat qiladi, shuningdek, ularning erga ehtiyotkorona munosabatda bo`lish majburiyatini mustahkamlaydi.
Xulosa qilib aytadigan bo`lsak 68-moddaga kiritilayotgan yangi norma va o`zgartirishlar birinchidan, mamlakatimizda erga bo`lgan munosabatni o`zgartirsa, ikkinchidan, yurtimizda mulkdorlar qatlamini kengayishiga, uchinchidan, er resurslari bozorining rivojlanishiga olib keladi. Bu esa er uchastkalaridan foydalanish bo`yicha iqtisodiy samaradorlikni oshishiga, mulkdorlar sinfining ko`payishiga xizmat qiladi.
Nodirbek Rasulov
Iqtisodiyot fanlari doktori, dosent. Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti loyiha rahbari.






