Oshqozonida yarasi bor odam ro`za tutishi farzmi yoki fidya berib yursa xam buladimi? Umuman olganda ro`zaning fidyasini kimlar beradi? Javob uchun oldindan rahmat.
JAVOB:
Fidya - kishi zimmasidagi narsani ado qilish maqsadida mol yoki shunga o`xshash narsani berishidir. (“Lisonul arab”).
Shariatimiz ikki toifa kishilarni ro`za tutmasliklariga ruxsat berib, o`rniga Ramazonning har bir kuni uchun fidya berishga buyurgan.
Birinchisi: Qarilik sababli umuman ro`za tutishga yaramaydigan, kundan-kunga jismonan zaiflashib borayotgan yoshi ulug` keksalar.
Ikkinchisi: Surunkali kasal bo`lib, odatda tuzalishiga umid bo`lmagan va ro`za tutish ularning salomatligiga jiddiy ziyon etkazishi mumkin bo`lgan bemorlar. (“Bahrur roiq”).
Bu haqda Alloh taolo Qur`oni karimda bunday marhamat qilgan:
وعَلَى الَّذِينَ يُطِيقُونَهُ فِدْيَةٌ طَعَامُ مِسْكِينٍ فَمَنْ تَطَوَّعَ خَيْرًا فَهُوَ خَيْرٌ لَهُ وَأَنْ تَصُومُوا خَيْرٌ لَكُمْ إِنْ كُنْتُمْ تَعْلَمُونَ
ya`ni: “(Ro`za tutishga) madori etmaydiganlar zimmasida bir miskin kimsaning (bir kunlik) taomi fidyadir. Kimki ixtiyoriy ravishda ziyoda xayr qilsa (lozim bo`lganidan ortiq fidya bersa), o`ziga yaxshi. Agar bilsangiz, ro`za tutishingiz (fidya berib tutmaganingizdan) yaxshiroqdir” (Baqara surasi, 184-oyat).
Fidya – Alloh taolo bandalariga bergan engillikdir.
Har kunlik fidyaning miqdori yarim so` bug`doy (taxminan ikki kilogramm) yoki bir so` xurmo yohud bir so` arpadir. Bularning qiymatini berish bilan ham fidya ado bo`ladi. Vatandoshlarimizga oson bo`lishi uchun har yili Ramazon oyida O`zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo hay`ati tomonidan fidyaning o`rtacha miqdori belgilanib, e`lon qilinadi. Jumladan, 2018 yil (hijriy 1439 yil) Ramazonning har bir kuni uchun fidya miqdori o`rtacha 12 000 (o`n ikki ming) so`m, deb belgilangan. 2019 yilgi fidya miqdori esa, Ramazon oyida e`lon qilinadi.
Fidyani Ramazon oyi kirishidan oldin berilmaydi. Oy kirishi bilan xohlasalar, o`ttiz kunlik ro`zaning fidyalarini birdaniga jamlab beradi, xohlasalar har kuni bo`lib-bo`lib to`lab beradi. (“Fatovoyi Hindiya”).
Ro`za fidyasini bir kishiga ham yoki bir necha kishiga ham berish mumkin. (“Raddul muhtor”).
Fidyani miskin, faqir, beva-bechora, etim-esir, nochor va zakot berishga qodir bo`lmaganlarga beriladi. Ammo otasi, onasi, farzandlari, nabiralari, eri, xotini va zakot berishga qodir bo`lganlarga berishi joiz emas.
Fidya berib yurgan qariya yoki surunkali bemorlar ro`za tutishga qodir bo`lib qolishsa, bergan fidyalari bekor bo`lib, tutmagan ro`zalarining qazosini tutishlari vojib bo`ladi. (“Raddul muhtor”).
Ro`za tutishga yaraydigan qariyalarga esa ro`za tutish farz bo`ladi. Ro`za tutishga qodir bo`la turib fidya bersalar, ro`za ulardan soqit bo`lmaydi va fidyasi o`z o`rniga tushmaydi. (“Raddul muhtor”).
Tuzalishiga umid bor, odatda, ma`lum vaqtdan keyin shifo topadigan bemorlarga ro`za tutish zarar qilsa, bularning ham ro`za tutmasliklariga shariatimiz ruxsat beradi. Ammo bular fidya bermaydilar. Tuzalganlaridan keyin qazo bo`lgan kunlarning ro`zasini tutib beradilar.
Afsuski, hozirgi kunda Ramazon oyida bemor bo`lib, tuzalgandan keyin qazosini tutib berishga layoqati bo`lgan ba`zi kishilar bemorliklarida ro`zaning fidyasini berib qo`yib, tuzalganlaridan keyin “men qazo bo`lgan ro`zalarimni tutmayman, chunki men fidyasini berganman” demoqdalar. Vaholanki, shariatimiz fidya berishni ularga buyurmagan, balki tuzalganlaridan keyin qoldirgan ro`zalarining qazosini tutib berishlarini farz qilgan.
O`zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi






