O`zbekistonda sabzining narxida bir necha yil ichidagi eng yuqori o`sish qayd etildi. Bu haqda “East-Fruit” nashri xabar berdi.
Unga ko`ra, 2022 yil bahorida Toshkentdagi ulgurji bozorlarda sabzining dastlabki yirik partiyalari 20 martda paydo bo`lgan, 2021 yilda ham ushbu mahsulotning birinchi ulgurji partiyalari mart oyining o`rtalaridan boshlab bozorlarga chiqqan.
Biroq bu yil Toshkent bozorlarida hali ham katta partiyadagi sabzi yo`q. Bu esa mahsulotlarning katta partiyalari bozorga sezilarli kechikish bilan kirib kelishini anglatadi. Ayni kunlarda, sabzi narxi ketma-ket uchinchi hafta davomida qimmatlashmoqda. Bu davrda esa ulgurji narxlar 1,5 barobar oshib, so`nggi bir necha yil ichida rekord darajada yuqoriladi.
O`tkazilgan monitoringga ko`ra, 2023 yilning 17 martidan 7 apreliga qadar O`zbekistonda o`tgan yilgi sabzi (2022 yil hosili)ning o`rtacha ulgurji narxi kilogrammi uchun 4000 dan 6000 so`mgacha oshgan. Oxirgi uch hafta ichida esa bu 50 foizlik natijaga etgan.
2023 yil 7 aprel holatiga ko`ra, ushbu mahsulotlarning o`rtacha ulgurji narxi 2022-2021 yillarning aprel-may oylarida qayd etilgan maksimal darajadan 20 foizga yuqori bo`lgan. So`nggi bir necha yil ichida o`tgan yilgi sabzi bo`yicha avvalgi mutloq rekord 2021 yil iyun oyining birinchi o`n kunligi oxirida qayd etilgan bo`lib, o`shanda ushbu mahsulotning o`rtacha ulgurji narxi 5200 so`mni tashkil etgan.
“So`nggi bir necha hafta ichida narxlarning bunday o`sishiga tashqi bozorlarning ta`siri asosiy omil emas va bunday dinamika asosan ichki bozordagi talab va taklif nisbati bilan shakllanadi”, deyiladi xabarda.






