“2023 yilda bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari orqali aholini uy-joy bilan ta`minlash dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Prezident farmoni qabul qilindi. Bu haqda "Huquqiy axborot" xabar bermoqda.
Farmonga ko`ra, bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari orqali aholini uy-joy bilan ta`minlashning amaldagi tartibiga 2023 yil 1 maydan quyidagi o`zgartirishlar kiritiladi:
- banklarga rasmiy daromadga ega bo`lmagan shaxslarga ipoteka kreditini ajratishda ularning to`lov qobiliyatini aniqlashning muqobil usullaridan foydalanishga, shu jumladan qarz oluvchilarning bank kartasi aylanmasi, ijara, kommunal va qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa xarajatlarini inobatga oluvchi skoring tizimi joriy qilinadi;
- banklarga qarz oluvchi tomonidan to`langan dastlabki badal miqdori, imtiyozli davr muddati va boshqa ko`rsatkichlardan kelib chiqib, subsidiyasiz ajratiladigan ipoteka kreditlari bo`yicha tabaqalashtirilgan foiz stavkalarini o`rnatish huquqi beriladi;
- professional ta`lim tashkilotlarining muhandislik, ishlov berish va qurilish sohalaridagi maxsus fanlar bo`yicha dars berayotgan yoki o`quv amaliyotini o`tkazayotgan o`qituvchilari va ishlab chiqarish ta`lim ustalariga imtiyozli shartlarda subsidiya xabarnomalarini berish tartibi joriy etiladi;
- uy-joy sotib olish yoki yakka tartibdagi uy-joylarni qurish va rekonstruksiya qilish uchun olinadigan ipoteka kreditlari bo`yicha berilgan subsidiya taqdim etish to`g`risidagi xabarnomalarning amal qilish muddati 4 oy etib belgilanadi;
- 2023 yil uchun ipoteka kreditlari bo`yicha subsidiyalar ajratishga doir arizalar tasdiqlangan parametrlar doirasida 2023 yil 1 maydan 2023 yil 1 dekabrgacha qabul qilinadi;
- Iqtisodiyot va moliya vazirligiga “Xalqparvar” komissiyalarining axborotiga asosan xato ajratilgan deb topilgan subsidiya xabarnomalarini dasturiy ta`minotdan to`g`ridan-to`g`ri bekor qilish va to`lovlarni to`xtatish huquqi beriladi.
Farmonga ko`ra, 2023 yilda:
- kvartiralar sotib olish va yakka tartibdagi uy-joylar qurish hamda rekonstruksiya qilish uchun respublika bo`yicha jami 44 690 ta ipoteka kreditlari ajratiladi.
Mazkur kreditlarning kamida 30 foizi xotin-qizlarga ajratilishi belgilangan.
- poteka kreditlari bo`yicha 30 ming nafar shaxsga subsidiyalar ajratiladi.






