AsosiyJamiyat

AQSh “Ohangaronsement” hamda Alisher Usmonovga tegishli kompaniyalarga qarshi sanksiyalar joriy qildi

'AQSh “Ohangaronsement” hamda Alisher Usmonovga tegishli kompaniyalarga qarshi sanksiyalar joriy qildi'ning rasmi

AQSh O`zbekistonning “Ohangaronsement” sement zavodi hamda Alisher Usmonovning UMS xoldingiga tegishli Akkermann Cement CA kompaniyasiga qarshi sanksiyalar joriy qildi.

2021 yil may oyida Kiprning LLamanka Enterprises kompaniyasi “Ohangaronsement” zavodi ustav kapitalidagi 84,197 foiz ulushini sotib olgan edi. O`shanda bitim summasi 557,6 mlrd so`mga baholangan. 2022 yil yanvar oyida Britaniya Virjiniya orollarining Lamanka Enterprises va Giacinttar kompaniyalari “Ohangaronsement”dagi ulushlarini 1,88 trln so`mga sotganini e`lon qildi. Keyinchalik aksiyalarning xaridori Alisher Usmonovning UMS xoldingi kompaniyasi tomonidan tashkil etilgan Akkermann Cement CA ekanligi ma`lum bo`ldi.

“Usmonovning ixtiyorida keng offshor korxonalar tarmog`i mavjud va u oila a`zolari orqali moliyaviy operasiyalarni amalga oshirishi mumkin, bu esa unga sanksiyalarni chetlab o`tishga imkon beradi”, — deya ma`lum qildi AQSh moliya vazirligi.

AQSh G`aznachiligining Chet el aktivlarini nazorat qilish boshqarmasi (OFAC) yangi sanksiyalar ro`yxatiga kiritilgan bir qator kompaniyalar, jumladan Akkermann Cement CA bilan operasiyalarni 11 iyulgacha to`xtatik uchun lisenziya berdi.

“Metalloinvest”, USM Telecom va “Megafon” ham sanksiyalar ostida qoldi. Ro`yxatga Alisher Usmonov asos solgan xolding tarkibiga barcha kompaniyalar kiritilgan. Shuningdek, “Metalloinvest” tarkibiga kiruvchi korxonalar, jumladan, Mixaylovskiy va Lebedinskiy kon-qayta ishlash kombinatlariga ham cheklovlar joriy etildi.

OFAC milliy xavfsizlik, tashqi siyosat va sanksiyalar siyosati maqsadlarida jismoniy va yuridik shaxslarni ushbu ro`yxatga (SDN list) joylashtiradi. SDN ro`yxatidagi kompaniyalarning aktivlari bloklanadi. Amerika fuqarolari va shaxslariga ular bilan har qanday biznes yoki bitimlar olib borish taqiqlanadi.

“Ohangaronsement” zavodi XX asr o`rtalarida tashkil etilgan. 1970 yilda kombinatga, 1980 yilda ishlab chiqarish birlashmasiga aylandi. 1994 yilda xususiylashtirilib, aksiyadorlik jamiyatiga aylantirildi. Zeromax uzoq vaqt davomida korxonaning asosiy egasi bo`ldi, 2006 yilda esa Rossiyaning “Evrosement” kompaniyasi 75,5% ulushini sotib olgan. Keyinchalik bu ulush 83,9% gacha oshirildi.

    Boshqa yangiliklar