12 aprel kuni O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Afg`onistonga qo`shni mamlakatlar tashqi siyosiy idoralari rahbarlarining navbatdagi uchrashuvida ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan Xitoy Xalq Respublikasi Davlat kengashi a`zosi, tashqi ishlar vaziri Sin Ganni qabul qildi.
O`zbekiston-Xitoy har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash va ko`p qirrali hamkorlikni kengaytirishning dolzarb masalalari ko`rib chiqildi.
Dastlab tashqi ishlar vaziri Sin Gan davlatimiz rahbariga XXR Raisi Si Szinpinning salomi va eng ezgu tilaklarini etkazdi.
Uchrashuv davomida siyosiy iroda va birgalikdagi sa`y-harakatlar tufayli ikki tomonlama munosabatlar misli ko`rilmagan yuksak darajaga ko`tarilgani alohida mamnuniyat bilan qayd etildi.
Keyingi yillarda tovar ayirboshlash ikki barobar, qo`shma korxona va loyihalar soni uch barobar ko`paydi, Xitoydan 11 milliard dollarlik investisiyalar jalb qilindi. Pandemiyadan so`ng muntazam aviaqatnovlar tiklangach, hududlararo aloqalar, ta`lim va madaniy-gumanitar almashinuvlar faollashdi.
O`zbekiston etakchisi Xitoyga bo`lajak davlat tashrifi va “Markaziy Osiyo - XXR” sammitiga puxta tayyorgarlik ko`rish muhimligini ta`kidladi.
Xalqaro va mintaqaviy kun tartibidagi masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.
Bugungi kunda texnik hujjatlari tayyorlanayotgan “O`zbekiston – Qirg`iziston - Xitoy” temir yo`lini qurish loyihasini tez fursatda amalga oshirish ahamiyati qayd etildi.
Afg`onistondagi vaziyatni tinch yo`l bilan hal etish va ushbu mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy tiklanishiga amaliy ko`maklashish borasidagi yaqindan muvofiqlashuvni davom ettirish zarurligiga alohida e`tibor qaratildi.






