Shavkat Mirziyoev bugun, 12 aprel kuni kechasi Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog`an bilan o`tkazgan telefon orqali muloqotda "Togg" brendi ostida ishlab chiqarilgan birinchi turk elektromobili uchun minnatdorlik bildirdi.
Davlatimiz rahbari qardosh Turkiya Prezidenti va xalqini katta texnologik g`alaba – mamlakatda zamonaviy elektromobillarni sanoat usulida ishlab chiqarish boshlangani bilan tabrikladi.
Suhbat chog`ida O`zbekiston-Turkiya keng ko`lamli strategik sheriklik va ko`p qirrali hamkorlik munosabatlarining bugungi darajasiga yuksak baho berildi.
O`zbekiston va Turkiya etakchi kompaniyalarining yuqori texnologik tarmoqlardagi sanoat kooperasiyasi miqyosini yanada kengaytirish uchun mavjud imkoniyatlar qayd etildi.
Joriy yilda o`tkazilishi rejalashtirilgan ikki tomonlama Oliy darajadagi Strategik sheriklik kengashi yig`ilishiga puxta tayyorgarlik ko`rishga alohida e`tibor qaratildi.
Mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.
Telefon muloqoti yakunida Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog`an O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasiga o`zgartirishlar kiritish bo`yicha bo`lajak referendumni to`liq qo`llab-quvvatlashini bildirdi va uning muvaffaqiyatli o`tishini tiladi.
Biroz avval Shavkat Mirziyoev Turkiya prezidenti sovg`a qilgan elektromobilni haydab ko`rgani haqida xabar bergan edik.






