Tan olish kerak, “propiska” degan inson qadriga zid tizimga chek qo`yilishi nafaqat bir joydan ikkinchi joyga ko`chish huquqi, balki mulkdor bo`lish, ta`lim olish, sog`liqni saqlash, mehnat qilish huquqini ta`minlashda muhim hodisa bo`ldi.
Inson huquqlarini buzib kelgan “propiska” muammosini to`liq va tizimli hal etish uchun Konstitusiyaviy islohotlar doirasida O`zbekistonning istalgan joyida yashash, uy-joy sotib olish huquqi Konstitusiya darajasida mustahkamlanmoqda.
Yangi tahrirdagi Konstitusiya loyihasining 32-moddasi quyidagi tahrirda mustahkamlanmoqda:
Qonuniy asoslarda O`zbekiston Respublikasi hududida bo`lib turgan har kim mamlakat bo`ylab erkin harakatlanish, turar va yashash joyini tanlash huquqiga ega, bundan qonunda belgilangan cheklovlar mustasno.
Har kim O`zbekistondan tashqariga erkin chiqish huquqiga ega, bundan qonunda belgilangan cheklovlar mustasno. O`zbekiston Respublikasi fuqarosi O`zbekistonga to`sqinliksiz qaytish huquqiga ega.
Erkin harakatlanish huquqi, turar va yashash joyini erkin tanlash huquqi shaxsiy erkinlikning muhim tarkibiy qismi hisoblanadi. Inson kasbiy va ma`naviy rivojlanishi uchun shaxs erkin harakatlanishi zarur.
Ko`pchilikda amaldagi Konstitusiyada mustahkamlangan “bir joydan ikkinchi joyga ko`chish huquqi” yangi tahrirdagi Konstitusiya loyihasida taklif etilayotgan “erkin harakatlanish, turar va yashash joyini erkin tanlash huquqi”dan nima farqi bor degan savol tug`ilishi tabiiy.
Birinchidan, amaldagi Konstitusiyada Respublika hududida bir joydan ikkinchi joyga ko`chish, O`zbekiston Respublikasiga kelish va undan chiqib ketish huquqi faqat O`zbekiston Respublikasi fuqarolariga kafolatlangan. Yangi tahrirdagi Konstitusiya loyihasida qonuniy asoslarda O`zbekiston Respublikasi hududida bo`lib turgan har kimga mamlakat bo`ylab erkin harakatlanish, turar va yashash joyini tanlash huquqi kafolatlanmoqda.
Ikkinchidan, erkin harakatlanish huquqi “bir joydan ikkinchi joyga ko`chish huquqi”dan ancha keng bo`lib, pasport nazorati, propiska rejimi, mamlakatdan chiqish va unga kirish uchun qator instansiyalardan tekshiruvlardan o`tish va ruxsat olishdagi turli sun`iy to`siqlarni tizimli bartaraf etadi.
Uchinchidan, erkin harakatlanish huquqi hamda turar va yashash joyini erkin tanlash huquqi doim birga keladi va bir-birini taqozo qiladi. Mazkur huquq oila qurish, kasb tanlash va mulkdor bo`lish huquqlarini amalga oshirishning muhim omili hisoblanadi. Shuningdek, bu mamlakat bo`ylab mehnat resurslari va moliyaviy mablag`larning erkin harakatlanishiga xizmat qiladi.
Ushbu huquqning Konstitusiya darajasida kafolatlanishi insonning shaxsiy erkinligini ta`minlash va demokratik davlat qurish yo`lidagi muhim qadamlardan biri bo`ladi.
Bekzod Narimonov
Toshkent davlat yuridik universiteti bo`lim boshlig`i
Yuridik fanlari bo`yicha falsafa doktori, dosent






