AsosiyJamiyat

Noqonuniy o`tkazilgan 3 milliard 220 million so`mlik davlat xaridi bekor qilindi

'Noqonuniy o`tkazilgan 3 milliard 220 million so`mlik davlat xaridi bekor qilindi'ning rasmi

 “Toshkent xalqa avtomobil yo‘llaridan foydalanish uchastka boshqarmasi” unitar korxonasi buyurtmachiligida 2023 yil 31 mart kuni 2 ta lot bo`yicha o`tkazilgan 3 mlrd 220 mln so`mlik davlat xaridida “Davlat xaridlari to`g`risida”gi qonunning 10-moddasi (raqobat va xolislik prinsipi), 14-moddasi (manfaatlar to`qnashuvi), 46-moddasi (davlat xaridlari jarayonidagi cheklovlar) talablari buzilganligi va boshqa qonunbuzilish holatlariga yo`l qo`yilganligi aniqlandi. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi matbuot xizmati xabar qildi.

Xususan, 2 ta lot bo`yicha xaridda ishtirok etgan 2 nafardan tadbirkorlarning hujjatlari Xarid komissiyasining kotibi foydalangan kompyuterning IP-manzili orqali elektron platformaga yuklangan.

Shuningdek, o`tkazilgan ushbu davlat xaridida Xarid komissiya raisi va a`zolarining ishtirokisiz, boshqa shaxs tomonidan ularning elektron raqamli imzolari orqali xarid natijalari baholanganligi va imzolanganligi ma`lum bo`ldi.

Mazkur holatlar bo`yicha 2023 yil 3 aprel kuni xarid komissiyasining bayonnomasini bekor qilish to`g`risida buyurtmachiga taqdimnoma kiritildi va qonuniy chora ko`rish uchun to`plangan hujjatlar Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentiga yuborildi hamda holat bo`yicha xizmat tekshiruvi o`tkazish uchun Avtomobil yo`llari qo`mitasiga so`rovnoma kiritildi.

Agentlikning taqdimnomasiga binoan “Toshkent xalqa avtomobil yo‘llaridan foydalanish uchastka boshqarmasi” unitar korxonasi tomonidan 2023 yil 4 aprel kuni Xarid komissiyasining bayonnomasi bekor qilindi.

    Boshqa yangiliklar