AsosiyJamiyat

O`zbekistonda “Toza havo” oyligi tadbiri boshlandi

'O`zbekistonda “Toza havo” oyligi tadbiri boshlandi'ning rasmi

Bugun, 10 apreldan  yurtimizda “Toza havo” oyligi tadbiri boshlandi. Tabiat resurslari vazirligi, Ichki ishlar vazirligi hamda Sog`liqni saqlash vazirliklari bilan birgalikda o`tkaziladi. Bu haqda Tabiat resurslari vazirligi xabar berdi.

So`nggi yillarda ishlab chiqarish korxonalari, avtomobillar sonining ko`payishi atmosferaga chiqarilayotgan tashlamalar miqdorining sezilarli ortishiga sabab bo`lmoqda. Bu esa o`z navbatida respublikamizda, ayniqsa, Toshkent shahrida havoning ifloslanish darajasi oshishiga xizmat qilmoqda.

2022 yil yakuniga ko`ra, havo ifloslanishi bo`yicha xalqaro havo indeksi reytingida poytaxtimiz 20-o`rinni egallagan.

Ma`lumot uchun, bugungi kunda yurtimizda 4,0 mln ga yaqin avtotransport vositalari mavjud bo`lib, shundan 100 mingtasi nosoz hisoblanadi. Ulardan atmosferaga bir yilda o`rtacha 1,3 mln tonna zararli tashlamalar tashlanadi, bu umumiy tashlamalarning 63,0 foizini tashkil etadi (ushbu ko`rsatkich Toshkent shahrida 88 foizga teng). 

Transport vositalari sonining kundan-kunga ortishi natijasida tashlamalar miqdori oldingi yilga nisbatan 2022 yilda 26,0 ming tonnaga ko`paygan. Bunga foydalaniladigan yoqilg`i turining sifati, aholining jamoat transportlaridan etarli darajada foydalanmasdan, o`z avtotransport vositalarida yurishlari, avtoulov egalarining o`z avtotransportlarining texnik sozligiga etarli darajada e`tibor qaratmasliklarini asosiy sabablar sifatida keltirish mumkin.

Tadbir davomida respublikaning barcha hududlaridagi yo`l-patrul maskanlarida, viloyat, tuman (shahar)larning markaziy ko`chalarida benzin, dizel, tabiiy siqilgan va suyultirilgan gazda harakatlanadigan avtotransport vositalarining atmosfera havosiga tashlanayotgan zararli gazlar miqdori maxsus asbob-uskunalar orqali ko`rikdan o`tkaziladi.

Ta`kidlash kerakki, tadbir doirasida 79 ta yo`l-patrul maskanlarida  ko`rik nuqtalari, shuningdek, viloyat va shaharlar markaziy ko`chalarida ko`chma postlar tashkil etilib, ularga 500 nafar xodim jalb etiladi.  

Tadbir 10 maygacha davom etadi.

    Boshqa yangiliklar