Ukraina, Xitoy va Yaqin Sharqdagi AQSh siyosati haqidagi 100ta maxfiy hujjatning internetda tarqalishi ortida Rossiya turgan bo`lishi mumkin. Bu haqda masala nozikligini hisobga olib, anonimlik sharti bilan gapirgan AQShning uch nafar rasmiysiga tayanib, “Reuters” xabar berdi.
Qayd etilishicha, hujjatlarda Rossiya kuchlari qurbonlari soni kamaytilganini ko`rish mumkin.
“Ijtimoiy tarmoqlarda e`lon qilingan hujjatlardan birida aytilishicha, Rossiyaning 2022 yil 24 fevral kuni Ukrainaga bostirib kirishidan buyon 16-17 ming rossiyalik halok bo`lgan. Qo`shma Shtatlar haqiqiy ko`rsatkich ancha yuqori, ya`ni 200 mingga yaqin rossiyalik halok bo`lgan va yaralangan deb hisoblaydi”, deydi rasmiylar.
Ukraina kuchlari 2022 yil boshida Rossiyaning Kievga qilgan dastlabki yurishini qaytardi va Moskva “maxsus harbiy operasiya” deb ataydigan mojaro sharqiy va janubiy frontdagi urushga aylandi. Urushning ikkinchi yilida Kiev va Moskva qanday hujum uyushtirishi mumkinligi haqida mish-mishlar kuchaymoqda. Oshkor qilingan hujjatlar ham Kievning urush rejalari haqida aniq ma`lumot bermasligi mumkin.
AQSh Adliya vazirligi Pentagon bilan aloqada bo`lganini va maxfiy hujjatlarning sizib chiqishi bo`yicha tekshiruv boshlaganini ma`lum qilgan.
Ukraina tomoni esa sizib chiqqan hujjatlar “juda katta hajmdagi xayoliy ma`lumotlarni” o`z ichiga oladi va u Ukrainaning rejalashtirilgan qarshi hujumiga shubha uyg`otish uchun Rossiyaning dezinformasion operasiyasining bir qismi, deb hisoblamoqda.
“Bular rus razvedkasi tomonidan operativ o`yinlarning standart elementlari, xolos. Va bundan boshqa hech narsa yo`q”, degan Ukraina Prezidentining maslahatchisi Mixail Podolyak.






