AsosiyJamiyat

"Loyihada bizning takliflarimiz inobatga olinmagan". "Madaniyat va ma`rifat" telekanali direktori ham o`z munosabatini e`lon qildi

'"Loyihada bizning takliflarimiz inobatga olinmagan". "Madaniyat va ma`rifat" telekanali direktori ham o`z munosabatini e`lon qildi'ning rasmi

So`nggi kunlarda Madaniyat va turizm vazirligi tomonidan project.gov.uz portalida e`lon qilingan "Karvon" telekanalini tashkil etish chora-tadbirlari to`g`risida"gi Qaror loyihasi faol muhokama qilinmoqda. Ya`ni yangi "Karvon" telekanali "Madaniyat va ma`rifat" telekanalining tugatilishi hisobiga tashkil etilishi jamoatchilikning noroziligiga sabab bo`lmoqda

Sal avval, Madaniyat va turizm vaziri Ozodbek Nazarbekov o`z munosabatini bildirib, bu borada har bir taklif qabul qilinishini ma`lum qilgan edi. Ayni paytda telekanal direktori Vohid Luqmonov ham buhokamadagi masalaga o`z munosabatini e`lon qildi.  

"Avvalo, “Madaniyat va ma`rifat” telekanali faoliyatiga oid hujjat loyihasi ishlab chiqilayotganidan xabarimiz bor edi. Telekanal faoliyatini har tomonlama (g`oyaviy-badiiy, moliyaviy-iqtisodiy, texnik-texnologik jihatdan) rivojlantirish, telekanalni yanada ko`rimli qilish bo`yicha o`zimizning aniq takliflarimizni bergan edik. Afsuski, jamoatchilik muhokamasi uchun e`lon qilingan Hujjat loyihasida bizning takliflarimiz inobatga olinmagan.

Bu Hujjat hali loyiha. Ishonamizki, bu Loyiha qizg`in muhokama jarayonidan o`tib, hammaning fikr-mulohazalari, taklif va g`oyalari inobatga olingan holda, keng jamoatchilik kutayotgan Qarorga aylanadi.

O`z navbatida milliy o`zligimiz, ma`naviyatimiz va madaniyatimizga, o`zbek ziyolilari, san`at va madaniyat fidoyilarining minbari bo`lgan  - “Madaniyat va ma`rifat” telekanali taqdiriga befarq bo`lmasdan o`zlarining konstruktiv munosabatlarini bildirayotgan barchaga minnatdorlik bildiramiz", - degan telekanal rahbari. 

Shuningdek,  Qonunchilik palatasi Spikerining o`rinbosari, Konstitusiyaviy komissiya matbuot kotibi Odiljon Tojiev kanal yopilishiga qat`iy qarshi ekanini aytdi. 

"Qisqa qilib aytganda, xalqimizga "Madaniyat va ma`rifat" telekanali kerak. Bu boradagi qaror loyihasi keng jamoatchilik, ziyolilar tomonidan tanqidga uchradi.

Men ham bir ziyoli, o`zbek xalqining oddiy bir vakili sifatida ruhoniyatimizni to`yintirib turgan telekanalning "yopilishi"ga qat`iyan qarshiman.

Eng chatoq tomoni, har bir vazirlikka bitta telekanal, degan tamoyilni o`ylab topmanglar, baraka topgurlar", - deydi u. 

 

    Boshqa yangiliklar