“Toshkent viloyatida mavjud avariya holatidagi va ma`nan eskirgan ko`p qavatli uylarni renovasiya qilish orqali aholi yashash sharoitlarini yanada yaxshilash chora-tadbirlari to`g`risida”gi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi muhokamaga qo`yildi.
Hujjat loyihasida keltirilishicha, Toshkent viloyatida eskirgan yoki yaroqsiz ko`p qavatli uy-joy fondi xatlovdan o`tkazilgan hamda instrumental o`rganishlar natijasiga ko`ra, 23 ta uy avariya holatida deb topilgan (Ro'yxat bilan tanishing). Mazkur joylarda yashovchi fuqarolar tomonidan uy-joy sharotini yaxshilash uchun yangisini qurib berish to`g`risida ko`plab murojaatlar kelib tushgan.
Renovasiya qilinishi belgilangan massivlarda ko`p qavatli uy-joylarni qurish — elektron onlayn ausion savdolarida g`olib bo`lgan tadbirkorlik subektlarining o`z mablag`lari, tijorat banklarining kreditlari va qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi. Bunda ko`p qavatli uy-joylar loyihalari hududdagi aholi daromadidan kelib chiqqan holda ishlab chiqilishi lozim.
Toshkent viloyati hokimligi o`n kun muddatga renovasiya qilinishi belgilangan uy-joylar o`rnida O`rta Chirchiq, Bo`stonliq tumanlarida qavatlar soni 5 tadan, Chirchiq, Olmaliq shaharlari, Qibray tumanida qavatlar soni 7 tadan kam bo`lmagan zamonaviy uy-joy qurish uchun talabgorlarni aniqlash bo`yicha loyihalarni elektron tender savdolariga chiqarilishini ta`minlaydi.
Bunda, ko`p qavatli uy-joylar buzilishidan chiqgan yaroqli qurilish materiallari loyiha tashabbuskorlari tasarrufida qolishi ko`rsatib o`tiladi; Olmaliq shahri bosh plani ishlab chiqilganini hisobga olgan holda ko`p qavatli uy-joy “Yangi O`zbekiston” massividan bosh planga muvofiq qurilish inobatga olinadi.
11 oy muddatda mulkdorlarga kvartira topshirilgunga qadar ularga ko`p qavatli uy-joy joylashgan tuman (shahar) hokimiyatining mahalliy budjetning qo`shimcha manbalari yoki tashabbuskor tadbirkorlarning o`z mablag`lari hisobidan moliyalashtirish sharti bilan vaqtinchalik ijaraga turarjoy beriladi. Qurilish ishlari belgilangan muddatda foydalanishga topshirilmagan taqdirda ijara loyiha tashabbuskori mablag`i hisobidan qoplanishi inobatga olinadi.
Mulkdorlarga o`ringa-o`rin ajratishdan ortgan kvartiralar prezidentning “Ipoteka krediti mexanizmlarini takomillashtirishga oid qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida” farmoni bilan joriy etilgan bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari orqali aholini uy-joy bilan ta`minlashning yangi tartibi doirasida belgilangan tartibda realizasiya qilinadi, shu jumladan, ipoteka krediti bo`yicha subsidiya xabarnomasi olgan fuqarolarga ustuvor tarzda.
Qurilishda energiya tejamkor materiallarini keng joriy etish orqali uy-joy qurilishi vaqti va tannarxini pasaytirish maqsadida:
— loyiha-smeta hujjatlarini ekspertizadan o`tkazish jarayonida ularda energiyatejamkor qurilish materiallari qo`llanganligiga alohida e`tibor qaratiladi.






