Senatning 39-yalpi majlisida “O`zbekiston Respublikasining Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksiga O`zbekiston Respublikasining Davlat chegarasini qo`riqlash va himoya qilishni yanada kuchaytirishga qaratilgan qo`shimcha va o`zgartishlar kiritish haqida”gi qonun ko`rib chiqildi.
Amaldagi Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning tegishli moddasidagi talablar, ya`ni chegara qo`shinlari harbiy xizmatchilarining qonuniy talablarini bajarmaslik va ularining qonuniy faoliyatiga qarshilik ko`rsatish orqali ma`muriy huquqbuzarliklarni sodir etganligi uchun belgilangan jarimaning kamligi huquqbuzarlik uchun qo`llaniladigan jazoning ta`sirchanligiga salbiy ta`sir ko`rsatmoqda.
Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeks 225-moddasining tegishli qismlariga muvofiq O`zbekiston Respublikasida bo`lish qoidalarini buzilishi bilan bog`liq nazarda tutilgan ma`muriy huquqbuzarlik yuzasidan rasmiylashtirilgan hujjatlarni ko`rib chiqish uchun hududiy ichki ishlar organlariga yuborilishi fuqarolarning ovoragarchiligi, ortiqcha vaqti hamda mablag`larining sarflanishiga sabab bo`lmoqda.
Shuningdek, muhokama qilingan mazkur qonun yuqoridagi va shu kabi boshqa talablar inobatga olingan holda ishlab chiqilgan bo`lib, chegara qo`shinlari harbiy xizmatchisining qonuniy talablarini bajarmagani va uning o`z xizmat burchlarini bajarishiga qarshilik ko`rsatgani uchun alohida javobgarlik belgilanyapti.
Kodeksning 225-moddasidagi tegishli qismlari, ya`ni chet el fuqarosi yoki fuqaroligi bo`lmagan shaxsning O`zbekiston Respublikasida bo`lish qoidalari yoki muddatlarini buzishi bilan bog`liq ma`muriy huquqbuzarliklarni ko`rib chiqish, shaxsni ma`muriy yo`l bilan ushlab turish hamda transport vositalarini ushlab turish va ko`rikdan o`tkazish vakolati ichki ishlar organlari bilan bir qatorda Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo`shinlariga ham berilmoqda.
Senatorlar ushbu qonunning ma`qullanishi chegara qo`shinlari faoliyati samaradorligini oshirishga, fuqarolar ovoragarchiligining oldini olishga, ularning vaqti hamda mablag`larining ortiqcha sarflanishiga chek qo`yishga xizmat qilishini ta`kidlab o`tdi.






