AsosiyJamiyat

O`zbekiston futbolini qo`llab-quvvatlash jamg`armasi tuziladi

'O`zbekiston futbolini qo`llab-quvvatlash jamg`armasi tuziladi'ning rasmi

Prezident Shavkat Mirziyoev yoshlar siyosati va sportni rivojlantirish bo`yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ma`muriy islohotlarga muvofiq, Yoshlar siyosati va sport vazirligi tuzilgan edi. Taqdimotda bu sohalarda davlat boshqaruvini samarali tashkil qilish va ularni rivojlantirishga doir chora-tadbirlar belgilandi.

Yangi tizimga ko`ra, yoshlar o`rtasida festival, forum, tanlov va boshqa madaniy-ma`rifiy tadbirlarni yagona yillik kalendar reja asosida o`tkazish joriy qilinadi va bu bo`yicha ma`lumotlar yoshlarportali.uz yagona elektron platformasiga joylashtirib boriladi. «Yoshlar daftari» orqali taqdim etiladigan ijtimoiy-iqtisodiy xizmat turlari 2023-2024 yillarda 1,5 barobargacha oshiriladi.

Yoshlar siyosati va sport vazirligi tarkibidagi 3 ta davlat unitar korxonasi faoliyati maqbullashtirilib, ularning funksiyasi xususiy sektorga o`tkaziladi.

Davlat byudjeti mablag`laridan samarali foydalanish maqsadida sohadagi 24 ta yo`nalishni qamrab olgan «ERP Sport» yagona elektron boshqaruv tizimi ishga tushiriladi.

Sohani raqamlashtirish va sport turizmini rivojlantirishga ham katta e`tibor qaratilmoqda. Xususan, kelgusi yildan boshlab musobaqalarda qatnashadigan sportchilarning shaxsi va malakasini identifikasiya kartalari orqali aniqlash tartibi joriy etiladi. Sportga homiylik ko`rsatgan jismoniy shaxslarga chet ellardagi turnirlarda ishtirok etish imkoniyati beriladi. Buning uchun ular o`rtasida lotereya o`yinlari o`tkaziladi.

Soha vakillarini qo`shimcha rag`batlantirish maqsadida Yoshlar siyosati va sport vazirligining stipendiyasi joriy etilmoqda. Shuningdek, sportchilarga huquqiy, tibbiy xizmatlar ko`rsatish tadbirlari ham nazarda tutilmoqda.

Yurtimizda futbol eng ommaviy sport turi. Shu bois bu yo`nalishni rivojlantirish masalasiga alohida to`xtalib o`tildi. FIFAning maxsus dasturi asosida bog`cha va mahallalarda «Ommaviy futbol», o`rta ta`limda «Maktablarda futbol» hamda oliy o`quv yurtlarida «Talabalar ligasi» dasturlarini joriy qilish taklifi bildirildi.

Iqtidorli futbolchilarni tanlash va tayyorlashning uzviyligini ta`minlash maqsadida O`zbekiston futbol assosiasiyasi huzurida 14 ta futbol maktabi, «Do`stlik» stadioni negizida barcha yosh toifalari uchun Terma jamoalar markazi tashkil etiladi. Futbol bo`yicha mutaxassislarni tayyorlash markazi faoliyati takomillashtirilib, Xorvatiya, Yaponiya va boshqa davlatlardan mutaxassislar jalb qilinadi.

Soha infratuzilmasini rivojlantirish uchun O`zbekiston futbolini qo`llab-quvvatlash jamg`armasi tuziladi. Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari hududiy futbol assosiasiyalarining rahbarlari etib belgilanadi.

Davlatimiz rahbari bu takliflarni qo`llab-quvvatlab, ularni samarali amalga oshirish yuzasidan yuzasidan ko`rsatmalar berdi.

    Boshqa yangiliklar