Oliy Majlis Senati bolalar va ayollar huquqlarini himoya qilishga qaratilgan qonun loyihasini ma`qulladi.
Prezident administrasiyasi Ijro etuvchi apparatining Kommunikasiyalar va axborot siyosati bo`yicha shu`ba mudiri Saida Mirziyoeva buni quyidagicha izohladi:
"Prezident imzolagach, Jinoyat va Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodekslarga kiritilayotgan ushbu o`zgartirishlar kuchga kirsa, biz nihoyat tajovuzkorlarni javobgarlikka tortish orqali ayollarni oiladagi zo`ravonlikdan himoya qila olamiz.
Endilikda voyaga etmagan shaxs bilan aloqa jamoat xavfi bo`lmagan jinoyatlar toifasidan og`ir jinoyat qatoriga o`tdi.
Biz voyaga etmaganlar bilan jinsiy aloqa qilgan va qamoqdan qutulib qolmoqchi bo`lganlar uchun bo`shliqlarni yopamiz. Endi bu qilmish uzoq muddatga ozodlikdan mahrum etish bilan jazolanadi. Bu esa davlat har qanday zo`ravonlikka qarshi qat`iy kurashayotgani haqida jinoyatchilarga yaqqol ishora!
Qonun bilan bog`liq jarayonlarga aloqador bo`lgan va bizni qo`llab-quvvatlagan barchaga minnatdorchilik bildiraman. Bu o`zgarishlar uchun harakatlar juda uzoq vaqtdan beri davom etmoqda hamda bu qiyin va uzoq yo`lning hali boshlanishi.
Biz ijtimoiy me`yorlarni, jamiyat sifatida o`zimizni o`zgartiramiz. Davlatning ijtimoiy xavfsizligini ta`minlash uchun hammasiz eng zaif qatlamlarni himoya qilishimiz shart", - deydi Saida Mirziyoeva.






