Xorazmda oilaviy bolalar uyi rahbari uch nafar voyaga etmagan tarbiyalanuvchini 10 oy davomida viloyat adliya boshqarmasi va tuman favqulodda vaziyatlar bo`limi boshliqlari bilan jinsiy aloqada bo`lishga majburlagani haqida xabar berilgandi.
29 mart kuni sudlangan A.Masharipov va A.Kuryazovlarga engil jazo tayinlanganligi va boshqa holatlar yuzasidan O`zbekiston Respublikasi Oliy sudi jinoyat ishlari bo`yicha sudlov hay`ati kassasiya instansiyasi sudiga protest keltirilgan edi.
Oliy sud matbuot xizmatining xabar berishicha, bugun Oliy sudning jinoyat ishlari bo`yicha sudlov hay`atida Xorazm viloyat sudi jinoyat ishlari bo`yicha sudlov hay`ati apellyasiya instansiyasining 2022 yil 27 dekabrdagi ajrimining A. M. va A. Q. ga oid qismini bekor qilib, ishni yangitdan apellyasiya instansiyasi sudida ko`rish uchun yuborish to`g`risidagi Xorazm viloyat prokuraturasining kassasiya tartibidagi protesti yopiq sud majlisida ko`rib chiqildi.
Oliy sud jinoyat ishlari bo`yicha sudlov hay`ati kassasiya instansiyasining 2023 yil 6 apreldagi ajrimi bilan Xorazm viloyat prokuraturasining kassasiya tartibidagi protesti qanoatlantirilib, ushbu jinoyat ishini yangitdan appellyasiya instansiya sudida ko`rish uchun yuborilishi belgilandi.






