Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Toshkent shahrida o`tkazilgan tezkor tadbirda 2 nafar O`zbekiston Respublikasi fuqarosi hamda 1 nafardan Tojikiston va Qozog`iston respublikalari fuqarolari ushlanib, ulardan 12 kg 800 gr. "opiy" va 27 kg 50 gr. "gashish" narkotik moddalari prosessual tartibda rasmiylashtirib olindi. Bu haqda DXX matbuot xizmati xabar bermoqda.
Tezkor tadbir davomida mazkur shaxslar DXX xodimlarining qonuniy talablariga bo`ysunmasdan, voqea joyidan qochishga urinishgan.
Ta`kidlash lozimki, O`zbekistonga kontrabanda yo`li bilan olib kelingan ushbu giyohvandlik vositalari mamlakatimiz hududi orqali boshqa davlatga olib chiqib ketilishi kerak bo`lgan.
Hozirda holat yuzasidan mazkur fuqarolarga nisbatan DXX Tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.






