Farg`ona viloyati O`zbekiston tumanida o`zini "leytenant" deb tanishtirgan soxta xodim qo`lga olingan. Bu haqda IIV matbuot xizmati xabar berdi.
Ma`lum qilinishicha, ushbu shaxs avval ham firibgarlik, o`g`rilik va talonchilik jinoyatlarini sodir qilgan. Fuqaro ichki ishlar xodimining xizmat kiyimidan foydalangan holda tumandagi maishiy xizmat ko`rsatish do`koniga kirib, o`zini ichki ishlar xodimi sifatida tanishtirgan.
Do`kon egasidan egnidagi xizmat kiyimining bichimini o`zgartirib berishini so`ragan.
Keyin do`kon egasining e`tiborsizligidan foydalanib, xonada bo`lgan bahosi 1 mln 800 ming so`mlik bo`lgan qo`l telefonini o`g`irlab, hodisa joyidan yashiringan.
Shuningdek, yana bir fuqaroni aldab, uning ham qo`l telefoni va sumkasidagi pullarni yashirin ravishda o`g`irlagan.
U yana bir holatda begona qiz bilan tanishib, unga ham o`zini ichki ishlar xodimi sifatida tanishtirgan. Natijada uning ham pullarini yolg`on orqali o`zlashtirgan.
"Bir yigit ichki ishlar formasida kelib, 2 kg go`sht olib ketdi. Bervordim, lekin shu bilan yo`q bo`lib ketdi", -deydi jabrlanuvchilardan biri bo`lgan qassob.
Yuqorida qayd etilgan holatlar yuzasidan fuqaroga nisbatan JKning 169-moddasi 3-qismi "a" bandi bilan ayb e`lon qilingan bo`lib, qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo`llanilgan.
Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.






