Navoiy viloyati Navbahor tumanidagi 9-maktab direktori Dildora Turobova o`qituvchilarni “Tashabbusli byudjet”ga ovoz to`plashga majburlagani aytilmoqda.
Viloyat Maktabgacha va maktab ta`limi boshqarmasi rahbari O`tkir Tillaev boshchiligida mazkur holat tegishli mas`ullar bilan birgalikda zudlik bilan atroflicha o`rganib chiqilgan.
O`rganish natijalariga ko`ra, haqiqatan ham internetdagi audio 9-maktab direktoriga tegishli ekani aniqlangan va unga nisbatan ish beruvchining tegishli buyrug`iga asosan intizomiy jazo chorasi qo`llanilgan.
Ijtimoiy tarmoqda tarqalgan audioxabarda maktab direktori majlisda o`qituvchilarning har biri “Tashabbusli byudjet” uchun 100 tadan ovoz to`plashi kerakligini aytganini eshitish mumkin. “Agar shuni yutolmasam, hammaning qonini ichaman, hammang millionlab oyligingni qo`yasan”, — deb ta`kidlagan rahbar.
Shuningdek, hozirda vakolatli organlar tomonidan maktab direktorining xatti-harakatlarida ma`muriy huquqbuzarlik alomatlari bor-yo`qligi o`rganilmoqda. Ushbu holat yuqori turuvchi va vakolatli organlar tomonidan nazoratga olingan bo`lib, o`rganish yakunlari bo`yicha qo`shimcha ma`lumot beriladi.






