Markaziy saylov komissiyasining joriy yil 5 aprel kuni bo`lib o`tgan majlisida O`zbekiston Respublikasining referendumida ovoz berish byulletenining shakli va tavsifi tasdiqlandi.
Referendumda ovoz berish byulleteniga “O`zbekiston Respublikasining referendumi to`g`risida”gi Qonunning 29-moddasiga asosan O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2023 yil 10 martdagi hamda Oliy Majlis Senatining 14 martdagi qarorlarida ko`rsatilgan masalaning matni kiritildi va ovoz beruvchi xohish-irodasining variantlari “ha” yoki “yo`q” deb ko`rsatildi. Shuningdek, ovoz berish byulletenida uni to`ldirish tartibi to`g`risida ham tushuntirish beriladi.
Ovoz berish byulletenlarini ko`zi ojiz ovoz beruvchilar tomonidan to`ldirish uchun Brayl alifbosi asosida trafaretlar ham tayyorlanadi.
Ovoz berish byulletenlari referendum o`tkazuvchi okrug komissiyalari tomonidan taqdim etilgan ma`lumotga muvofiq referendum okrugi bo`yicha ovoz beruvchilar sonini, shu jumladan referendum okrugi hududida istiqomat qilayotgan ko`pchilik aholi so`zlashadigan tillarda ovoz berish byulletenlarini tayyorlash bo`yicha ehtiyojni inobatga olgan holda chop etiladi.
Komissiya tomonidan ovoz berish byulletenlarini referendum o`tkazuvchi uchastka komissiyalariga belgilangan muddatlarda etkazib berish choralari belgilandi.






