Prezident Shavkat Mirziyoev Yangi Toshkent shahri loyihasi konsepsiyasi va poytaxtdagi bunyodkorlik ishlariga oid taqdimot bilan tanishdi.
Davlatimiz rahbari 18 mart kuni Yangi Toshkent shahri loyihasiga tamal toshi qo`ygan edi. Bugungi taqdimotda uning birinchi bosqichi doirasidagi masalalar ko`rib chiqildi.
Bu bosqichda 60 ming aholiga mo`ljallangan ko`p qavatli uylar, davlat idoralari uchun ma`muriy binolar, bog`lar, ijtimoiy va iqtisodiy ob`ektlar barpo etilishi rejalashtirilgan. Bularni loyihalashtirish va barcha ishlarni muvofiqlashtirish uchun direksiya tuzildi. Xorijiy megapolislardagi urbanizasiya va qurilish tajribasi o`rganildi.
Shunga muvofiq, Yangi Toshkentni administrasiya, iqtisodiyot, ta`lim, sog`liqni saqlash va madaniyat kabi 5 ta negiz asosida qurish mo`ljallanmoqda. Bularning har biri tizimdagi bo`g`inlar va quyi tashkilotlarni o`z ichiga oladi.
Taqdimotda bunyodkorlik jarayonining “yo`l xaritasi” bo`yicha ham axborot berildi. Albatta, bunday ulkan loyihani amalga oshirish uchun ish, avvalo, infratuzilma yaratishdan boshlanadi. Qayd etilganidek, bunda zamonaviy urbanizasiya yondashuvlari, “aqlli” texnologiyalar qo`llaniladi. Masalan, “uch-generasiya” stansiyasi qurilib, ham elektr ishlab chiqariladi, ham binolar qishda isitilib, yozda sovutiladi. Barcha elektr, aloqa tarmoqlari, gaz va suv quvurlari er tagidan o`tkaziladi.
Shaharda infratuzilma, turmush va ekologiya mutanosib bo`ladi. “Toshkentning yashil belbog`i” loyihasi shu erdan boshlanadi. Piyodalar va velosipedchilarning erkin harakatlanishi uchun qulay sharoit yaratiladi. Shu maqsadda avtomobillar uchun er osti turargohlari, 14 ta zamonaviy tunel, Chirchiq va Qorasuv daryolari ustida 7 ta ko`prik bunyod etiladi.
Davlatimiz rahbari bo`lajak shaharda “inson qadri” tamoyilini qaror toptirish, turli yoshdagi odamlarning ehtiyojlarini inobatga olib, barcha qulayliklarni yaratish zarurligini ta`kidladi. Inshootlarni ekspluatasiya va transportlar uchun qulay joylashtirish, yashil hududlar ko`p bo`lishiga alohida e`tibor qaratish zarurligini ta`kidladi.
Taqdimotdagi yana bir loyiha Toshkent erusti metrosining ostida savdo va xizmat shoxobchalarini joylashtirish haqida bo`ldi. Jumladan, mazkur transport inshootining Yashnobod tumanidagi qismida 4 kilometr bo`sh joy bor. U erda yashil hududlar, avtoturargoh, vorkaut madonchalari, savdo va xizmat ko`rsatish shoxobchalari tashkil etish mumkin. Bu borada Berlin shahri tajribasi o`rganilgan.
Ushbu hududlarni lotlarga ajratgan holda ijaraga berish, xavfsizlikni ta`minlab, aholi uchun qo`shimcha qulayliklar yaratish bo`yicha ko`rsatmalar berildi.






