AQSh Milliy aeronavtika va fazoni tadqiq qilish boshqarmasi (NASA) so`nggi 50 yil ichida birinchi marta Oyga parvoz qiladigan to`rt astronavt nomini e`lon qildi. Ulardan biri Kristina Kox bo`ladi, u Oy missiyasida qatnashadigan birinchi ayol astronavtga aylanadi, deb xabar berdi NASA 3 aprel, dushanba kuni.
Koxdan tashqari, «Artemida II» deb nomlangan missiyaga «Orion» kosmik kemasi ekipaji komandiri Rid Uayzman, Jeremi Xansen va Oy missiyasida qatnashadigan birinchi afro-amerikalik Viktor Glover kiradi. Parvoz 2024 yil oxiri yoki 2025 yil boshiga rejalashtirilgan. «Artemida II»ning 10 kunlik parvozi doirasida Oyga qo`nish ko`zda tutilmagan, biroq NASA ta`kidlashicha, ekipaj kelajakdagi missiyalar uchun Er sun`iy yo`ldoshi yuzasiga qo`nishga yo`l ochadi.
NASA'ning birinchi Oy dasturi 1961-1972 yillarda amalga oshirilgan. U boshqa yunon xudosi - Apollon nomini oldi. Missiya bir qismi sifatida insoniyat tarixida Oyga birinchi qo`nish amalga oshirildi, dastur doirasida jami 6 ta kosmik parvozlar Oyga qo`ngan holda bajarildi.
Ekipaj komandiri Uayzman NASA astronavtlar boshqarmasining sobiq rahbari bo`lib, 2015 yilda Xalqaro kosmik stansiyaga missiyada qatnashgan. Kanada fuqarosi Xansen Kanada Qirollik harbiy-havo kuchlarining sobiq qiruvchi-uchuvchisi. Uning uchun bu koinotga birinchi parvoz bo`ladi.
Kristina Kox 2013 yildan beri NASA astronavti. U Xalqaro kosmik stansiyada (XKS) bort muhandisi bo`lib bir qancha missiyalarda ishlagan. U ayol kishining koinotda eng uzoq qolishi bo`yicha rekordchi - 328 kun. 2019 yilda u birinchi to`liq ayollardan iborat tarkibda ochiq kosmos chiqishda ishtirok etgan.
Viktor Glover 2013 yilda, AQSh Senatida xizmat qilganidan so`ng NASA'ga qo`shilgan. Glover o`zining birinchi parvozini 2020 yilda amalga oshirgan, Xalqaro kosmik stansiyada bort muhandisi va 2021 yilda SpaceX'ning Crew-1 kosmik kemasi ikkinchi qo`mondoni bo`lib ishlagan.






