Kuni kecha Sergelida ayol 3 nafar farzandi bilan o`zini 9-qavatdan pastga tashlagani haqida xabar berilgan edi.
Xabar asosida Bosh prokuratura hamda Toshkent shahar prokuratura rahbariyati boshchiligidagi tezkor-tergov guruhi tomonidan voqea joyi ko`zdan kechirilib, tekshirish harakatlari olib borildi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar bermoqda.
Aniqlanishicha, 3 aprel kuni soat 19.20 larda Sergeli tumani 8-mavzedagi ko`p qavatli uyida yashab kelgan ayol (1996 y.t.) ikki nafar o`g`li va bir nafar qizini qasddan o`ldirish maqsadida, 9-qavatdan birin ketin derazadan tashlab yuborib, so`ngra o`zi ham oynadan sakrab o`z joniga qasd qilgan.
Oqibatda barchasi hodisa joyida vafot etishgan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 97 (Qasddan odam o`ldirish) va 103 (O`zini o`zi o`ldirish darajasiga etkazish) moddalari bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan.
Olingan ma`lumotlarga ko`ra, marhuma ayol Toshkent viloyati Zangiota tumanida turmush o`rtog`i bilan istiqomat qilgan xonadonda 2022 yil oktyabr oyida yong`in sodir bo`lganligi sababli 3 nafar farzandlari bilan birga onasining Seregeli 8-mavzesidagi uyiga kelib, ular bilan birga istiqomat qilib kelgan hamda ushbu holatlar uning ruhiyatiga salbiy ta`sir ko`rsatgan.
Shuningdek, marhumaning turmush o`rtog`i hozirda "Umra" ziyorati maqsadida Saudiya Arabistonda ekanligi aniqlangan.
Tergov guruhi tomonidan ushbu fojeaning barcha ehtimoliy sabablarini sinchikovlik bilan tekshirish maqsadida qator tergov taxminlari ishlab chiqilgan.
Xususan, oilaviy kelishmovchilik, marhumada kuzatilgan ruhiy o`zgarishlarga olib kelgan sabablar, o`z-o`zini o`ldirish darajasiga keltirish va boshqa taxminlarning barchasi dastlabki tergov jarayonida batafsil tekshiriladi.
Hozirda mazkur ish bo`yicha Jinoyat kodeksining 97- (Qasddan odam o`ldirish) va 103-moddasi (O`zini o`zi o`ldirish darajasiga etkazish) bilan jinoyat ishi qo`zg`atildi.






