2 aprel kunning ikkinchi yarmida Toshkentda momaqaldiroq bilan kuchli jala yomg`ir yog`di, shamol tezligi kuchaydi, ba`zi joylarda do`l yog`ib o`tdi. Yomg`irning davomiyligi 2,5-3 soat bo`ldi.
Shahar tumanlarida yomg`irning jadalligi: Teleminora hududida - 10 mm, Toshkent-Observatoriya meteostansiyasi hududida - 22 mm, Toshkent xalqaro aeroporti hududida – 33 mm ni tashkil etdi. Do`lning diametri 11 mm ga etdi, shamol ba`zi joylarda 18 m/s gacha kuchaydi.
Taqqoslash uchun, 1936 yil 2 aprelda Toshkent-Observatoriya meteostansiyasi hududida 32 mm yomg`ir yog`gan.
O`zbekistonda bahor faslida momaqaldiroq bilan kuchli jala yomg`irlar yog`ishi, ba`zida do`l yog`ishi holatlari ko`pincha sodir bo`lib turadi. Bunday holatlar Toshkentda bahor oylarida tez-tez kuzatiladi.
Mart
Toshkentda 2022 yil mart oyi eng nam, me`yor 66 mm bo`lganda bir oyda 189 mm yog`ingarchilik bo`lgan, u me`yordan 285% ni tashkil etadi. Bunday yog`ingarchilik miqdori 1969 yil rekordini yangiladi, ushbu davrda bir oy davomida 184 mm yog`ingarchilik bo`lgan.
Mart oyida kecha-kunduzlik maksimal yog`ingarchilik rekordi 50 mm ni tashkil etadi, u 2009 yil 18 martda o`rnatilgan. 2011 yil 14 mart kuni Toshkentda bir kecha-kunduzda 37 mm yomg`ir va qor ko`rinishidagi yog`ingarchilik yog`di. Toshkentda deyarli har yili 15 mm dan 22 mm gacha bo`lgan kuchli yog`ingarchilik bo`ladi, miqdori 23 mm dan 30 mm gacha bo`lgan jadal yog`ingarchiliklar esa 3-5 yilda 1 marta kuzatiladi.
Aprel
Kuzatuv tarixida 1990 yilning aprel oyi eng nam bo`ldi. Toshkentda 179 mm yog`ingarchilik yog`di, bu taxminan 3 oylik me`yorni tashkil etdi, 1990 yil 8 aprelda kecha-kunduzlik yog`ingarchilik miqdorining mutlaq rekordi o`rnatildi. Aprel oyining oylik me`yori 63 mm bo`lganda shu kun davomida Toshkentda 65 mm yomg`ir yog`di.
2019 yil aprel oyida Toshkentda oy davomida 146 mm yomg`ir yog`di, bu me`yordan 236% ni tashkil etdi, 24 aprel kuni esa kecha-kunduzlik maksimum 41 mm ni, bu oylik me`yordan 65% ni tashkil etdi. 19-21 aprel kunlari ketma-ket uch kun davomida jami miqdori 52 mm (oylik normadan 83%) bo`lgan kuchli yomg`ir kuzatildi.






