O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 3 aprel kuni Fransiya Prezidentining maslahatchisi Izabel Dyumonni qabul qildi. Uchrashuvda oliy darajadagi kelishuvlarni amalga oshirish masalalari va ikki mamlakatning har tomonlama sherikligini kengaytirish istiqbollari ko`rib chiqildi.
Yuqori martabali mehmon davlatimiz rahbariga Fransiya Prezidenti Emmanuel Makronning samimiy salomi va shaxsiy maktubini etkazdi.
Uchrashuvda faol siyosiy muloqotlarni davom ettirish, o`zaro savdo hajmini oshirish, Fransiyaning etakchi kompaniya va banklari bilan “yashil” energetika, qazib chiqarish, qishloq xo`jaligi, to`qimachilik, suv ta`minoti tizimini, transport va turizm infratuzilmasini modernizasiya qilish kabi yo`nalishlarda birgalikdagi yirik loyihalarni ilgari surish muhimligi alohida ta`kidlandi.
Parij shahridagi Luvr muzeyi va Arab dunyosi institutidagi madaniy tadbir va ko`rgazmalar muvaffaqiyatli o`tgani yuksak baholandi. O`zbekiston maktablarida fransuz tilini o`rganishni kengaytirish masalalari ham ko`rib chiqildi.
Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikning dolzarb jihatlari yuzasidan fikr almashildi.






