Namangan shahar Davlatobod tumanida 43 yoshli K.Ya. tuman IIBga ariza bilan murojaat qilib, unda joriy yiling 24 mart kuni tanishi, 42 yoshli Sh.Z. bilan bo`lgan vaqtida Sh.Z.ning telefon raqamiga notanish shaxs telefon qilib, o`zini Namangan shahar elektr tarmoqlari korxonasida ishlovchi “Asadbek” sifatida tanishtirib, unga elektr energiyasidan 1.400.000 so`m qarzi borligini, ushbu qarzdorlik miqdorini “Axror” ismli hamkasbi bilan birgalikda 500.000 so`m evaziga hal qilib berishini aytib, ushbu pullarni Sh.Z.dan talab qilib kelayotganligini ma`lum qilib, ularga nisbatan qonuniy chora ko`rishni so`ragan. Bu haqda IIV huzuridagi Tergov departamenti xabar berdi.
Mazkur arizaga asosan shu kuni Namangan viloyati ichki ishlar boshqarmasi xodimlari tomonidan o`tkazilgan tezkor tadbir davomida, arizada qayd etilgan “Asadbek” ismli shaxs arizachidan Namangan shaharda joylashgan “Sardoba” savdo majmuasining avtomashinalar turargohida 500.000 so`m pullarni olgan vaqtida tadbir ishtirokchilari tomonidan ushlangan.
Tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida “Axror” ismli shaxs “Namangan hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” AJ Istiqbol ETK Kabel bo`lagi elektro-montyori lavozimida ishlovchi 32 yoshli D.A. ekanligi, “Asadbek” ismili shaxs esa hech qaerda ishlamaydigan I.A. ekanligi aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Namangan shahar bo`yicha IIO FMB huzuridagi Tergov bo`limi tomonidan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksning 168-modda 2-qismi «b» (firibgarlik) va 28,211-moddasi 1-qismi (pora berish) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan.
Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.






