Buxoro viloyati Qorako`l tumani «Xo`jalar» mahalla fuqarolari yig`ini Buxoro ko`chasi hududida IT xizmatlari eksportiga ixtisoslashtirilgan Qorako`l IT-klasteri faoliyati yo`lga qo`yiladi. Vazirlar Mahkamasining bu boradagi tegishli qarori loyihasi muhokamaga e`lon qilindi.
IT-klaster hududida Hindistonning «Acharya Institutes» bilan hamkorlikda «Acharya University of Uzbekistan» oliygohi tashkil etiladi.
Belgilanishicha, IT-klaster tarkibidagi universitetda ta`lim faoliyati 2023/2024 o`quv yilidan boshlanadi hamda talabalarni o`qitish grant va to`lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.
O`qitish kunduzgi, sirtqi, kechki va masofaviy shakllarda olib borilishi ko`zda tutilgan.
Universitet bitiruvchilariga O`zbekiston Respublikasi oliy ta`lim to`g`risidagi hujjat sifatida tan olinadigan «Acharya Institutes» (Hindiston)ning belgilangan namunadagi diplomi beriladi.
Shuningdek, IT-klaster hududida 1300 o`ringa mo`ljallangan talabalar turarjoyi, 15 o`rinli mehmonxona, 100 o`rinli inkubasiya markazi va 50 o`rinli masofaviy xizmatlar eksporti markazi, oshxona hamda ochiq va yopiq turdagi sport komplekslarni qurilishi qayd etilgan.






