O`zbekistonda aprel oyida yog`ingarchilikning sezilarli miqdori yog`adi, aprel yilning eng nam oylaridan biridir. Respublika shimolida, chekka janubida va cho`l hududlarida oy uchun o`rtacha yomg`irli kunlar soni 5 kundan 8 kungacha, tog`larga yaqin joylarda yog`ingarchilik 9-13 kungacha kuzatiladi. Bu haqda O`zgidromet xabar berdi.
Xabarga ko`ra, bu yil aprel oyida o`rtacha havo harorati me`yor atrofida, ba`zi joylarda o`rtacha yillik qiymatlardan biroz ko`p bo`ladi. Aprel oyida yog`ingarchilik kam, ba`zi joylarda me`yor atrofida bo`lishi kutilmoqda.
Oy quruq va iliq ob-havo bilan boshlanadi. 1 aprel kuni O`zbekistonning barcha hududlari bo`yicha havo kam bulutli bo`ladi, kunduzgi harorat mart oyining oxirgi kunlari kabi +22...+27 daraja atrofida, ya`ni me`yordan +5...+8 darajaga yuqori bo`ladi.
2-7 aprel kunlari respublika bo`yicha beqaror ob-havo bo`lishi kutilmoqda, ba`zi joylarda shamol shiddatli kuchayishi bilan qisqa muddatli, momaqaldiroqli yomg`ir yog`adi. Kunduzgi havo harorati yomg`ir paytida +5...+7 darajaga pasayadi. Aprel oyining birinchi o`n kunligi oxirida asosan yog`ingarchiliksiz ob-havo bo`lishi kutilmoqda va havo harorati yana ko`tarila boshlaydi.
“O`zgidromet” dastlabki prognoziga ko`ra, aprel oyining ikkinchi va uchinchi o`n kunligida harorat kechalari +7...+12 darajadan +12...+17 darajagacha, kunduz kunlari +20...+25 darajadan +27...+32 darajagacha o`zgarib turishi kutilmoqda.






