AsosiyDunyo

O`zbekiston Turkiyaga "modulli uy"lar jo`natadi

'O`zbekiston Turkiyaga "modulli uy"lar jo`natadi'ning rasmi

"Anadolu" agentligining xabar berishicha, fevral oyida episentri Qahramonmarashda bo`lgan halokatli zilzilalardan so`ng Turkiyaga yordam qo`lini cho`zgan O`zbekistonning xayriya yordami doirasida jo`natiladigan har birida bir oila sig`adigan 100 ta turar-joy konteyner inshooti Hatay viloyatidagi Ovakent qishlog`iga o`rnatiladi. Modulli uylar Istanbuldagi o`zbek diasporasi tomonidan 2016 yilda tashkil etilgan Seyhun ta`lim va madaniyat uyushmasining bevosita ko`magida o`rnatilmoqda.

Ushbu modulli uylarning umumiy maydoni 21 metr kvadrat bo`lib, unda oshxona, hojatxona va hammom mavjud. Konteynerlar issiqlik izolyasiyasi bilan jihozlangan va turli mavsumiy omillarga chidamli. Ularni o`rnatish 15 kishidan iborat jamoa tomonidan amalga oshiriladi.

«Ovakent hududida 100 ta konteyner o`rnatishni rejalashtirganmiz. Ayni paytda 80 dan ortiq konteyner o`rnatish uchun qurilish materiallari mavjud. Konteynerlarimizning o`ziga xos jihati shundaki, ular murvat bilan mahkamlangan, ya`ni istak bo`lsa yig`ilib, ko`chirilishi mumkin bo`lgan tarzda ishlab chiqilgan», — deydi Uyushma rahbari Tohir Abdulla.

Uning qo`shimcha qilishicha, Ovakentda konteyner o`rnatish ishlari 15 kun ichida yakunlanishi rejalashtirilmoqda.

    Boshqa yangiliklar