Germaniya hukumati Ukrainaga qo`shimcha 12 milliard evro (13,01 milliard dollar) miqdoridagi harbiy yordam jo`natishga rozi bo`ldi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Qayd etilishicha, bugun, 29 mart kuni Germaniya Bundestagining Byudjet qo`mitasi Mudofaa vazirligi va Tashqi ishlar vazirligi tomonidan talab qilingan byudjetdan tashqari xarajatlarni tasdiqlagan.
Qo`shimcha mablag`lar 2023 yilda ajratilishi kerak bo`lgan 3,2 milliard evro hamda 2024 va 2032 yillar oralig`idagi 8,8 milliard evro miqdoridagi kredit liniyalarini o`z ichiga oladi.
“Pulga Ukraina Germaniya hukumati ko`magida to`g`ridan-to`g`ri qurol sotib olishi mumkin. Ukrainani kerak bo`lgan vaqtgacha qo`llab-quvvatlash juda muhim”, deyiladi qo`mitadagi koalision hukumat vakillari bayonotida.
Shuningdek, Tashqi ishlar vazirligi Rossiya bosqini boshlanganidan beri Germaniya hukumati Ukrainani qo`llab-quvvatlash uchun 14,2 milliard evrodan ortiq mablag` ajratganini ma`lum qilgan.






