AsosiyJamiyat

“Oqqo`rg`on tajribasi” Jizzaxda qanday natijalar berdi?

'“Oqqo`rg`on tajribasi” Jizzaxda qanday natijalar berdi?'ning rasmi

Davlat rahbari topshirig`iga asosan tuzilgan Respublika ishchi guruhining shu yil avvalida “Oqqo`rg`on tajribasi” asosida Arnasoy tumanidagi o`rganishlari davomida aholining elektr energiyasi, gaz, ko`mir, ichimlik suvi bilan bog`liq eng birlamchi hayotiy masalalarini hal qilishga asosiy e`tibor qaratilgan edi. Ayni shu tajriba bilan viloyatning barcha tuman-shahrida yordamga haqiqiy muhtoj insonlarni topib, ularga ko`mak berish, Prezident virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalariga kelib tushayotgan murojaatlarda ko`tarilgan real muammolarga echim topish, dasturlar ijrosini jadallashtirish borasidagi ishlar yangi sifat bosqichiga ko`tarildi.

Arnasoy tumanidagi G`oliblar mahallasi aholisi anchadan beri oqar suv masalasida murojaat qilib kelardi. Murojaatlar tahlilidan so`ng bu masala tegishli dasturlarga kiritilib, ayni kunlarda 5 km irrigasiya tarmog`i bunyod etilyapti. Bu bilan 500 dan ortiq xonadon tomorqasidan qo`shimcha daromad topish imkoni yaratiladi. Yoki tuman markazidan 25-30 chaqirim olisdagi “Bo`ston”, “Do`stlik” mahallalarida aholi tomorqalarini sug`orish uchun 4,5 km ichki irrigasiya tizimi yangidan qurilishi tufayli 400 xonadon tomorqasi oqar suv bilan barqaror ta`minlanadi.

Arnasoyda “Oqqo`rg`on tajribasi” asosidagi o`rganishlardan so`ng birgina Chinobod mahallasida 3 km ichimlik suvi, 7,2 kilometrga yaqin elektr tarmog`i tortildi, 3 km tuproq yo`l shag`allashtirildi, 4 ta ko`cha asfaltlandi. Piyodalar yo`lakchalari barpo qilinib, simyog`ochlar beton ustunlarga almashtirildi. Bundan tashqari, mahalladagi 12-maktabning qo`shimcha o`quv xonalari va yangi madaniyat zali, chinobodliklar uchun 12 o`rinli tibbiyot maskani bunyod etish ishlariga ham aynan aholi murojaatlari asos bo`ldi.

Davlatimiz rahbarining 2022 yil 25 oktyabrdagi “2022-2023 yillarda mahallalar infratuzilmasini yanada yaxshilash bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi qarori asosida bugun Jizzax viloyatining ham 74 ta mahallasida ichimlik suvi bilan bog`liq eng dolzarb tizimli masalalar hal qilinyapti. Aytaylik, Zafarobodning Uzun va Samarqand qishloqlaridagi bunyodkorlik ishlari bois qariyb 750 ta xonadon obi hayot bilan barqaror ta`minlanadi.

Mirzacho`l tumanidagi ana shunday yirik bunyodkorlik harakati natijasida esa “Toshkent”, “Yangidala”, “Paxtazor”, “O`zbekiston”, “Gulzor” qishloqlaridagi 3 ming 140 dan ziyod xonadonga ichimlik suvi kirib boradi. Bu bilan 15,2 mingdan ziyod aholining eng birlamchi hayotiy muammosi hal qilib beriladi.

Davlatimiz rahbari topshirig`iga asosan tuzilgan Republika ishchi guruhining Jizzax viloyatidagi faoliyati davomida ham har bir tuman-shahardagi dolzarb, tizimli masalalar murojaatlar tahlili va dasturlar ijrosiga bog`liq holda har tomonlama chuqur o`rganildi. Xalq qabulxonalari, sektorlar va mahalla institutlarining uyg`un faoliyati esa bu boradagi ishlar samaradorligini ta`minlashda muhim asos bo`ladi.

    Boshqa yangiliklar