Davlat xavfsizlik xizmatining Farg`ona viloyati bo`yicha boshqarmasi, “Hududgaz Farg`ona” gaz ta`minoti filiali va “O`zbekneftgazinspeksiya” Farg`ona viloyat bo`limi xodimlari tomonidan o`tkazilgan tadbirda Quvasoy shahrining O`rmiyon qishlog`ida tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holati aniqlandi. Bu haqda "darakchi.uz"ga DXX matbuot xizmati xabar qildi.
Jumladan, mahalliy xususiy korxona tomonidan hech qanday hujjatlarsiz, yashirin ravishda tabiiy gazga ulanib, 3 ta xumdonda 72 ta yasama gaz yondirgichlar orqali ohak ishlab chiqarilgan.
Mutaxassislarning dastlabki hisob-kitoblariga ko`ra, o`tgan yilning iyun oydan joriy yilning mart oyiga qadar 18 mln. 314 ming m³ tabiiy gazdan qonunga xilof ravishda foydalanish natijasida davlat manfaatlariga 18 mlrd. 314 mln. so`mlik zarar keltirilgan.
Holat yuzasidan DXX Farg`ona viloyati bo`yicha boshqarmasi tomonidan jinoyat ishi qo`zg`atilgan.






