“Davlat aktivlarini boshqarish agentligi faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Prezident qarori qabul qilindi
Qarorga ko`ra, 2023 yil 1 maydan:
- respublika mulki bo`lgan davlat ko`chmas mulklari va davlat aksiya paketlari (ulushlari) Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga o`tkaziladi, bundan Strategik islohotlar agentligi, Tiklanish va taraqqiyot jamg`armasiga tegishli ulushlar hamda Prezident qarorlarida nazarda tutilgan hollar mustasno;
- davlat muassasalari va davlat ishtirokidagi korxonalarni tashkil etish bilan bog`liq ta`sis hujjatlariga kiritiladigan o`zgartirishlar Davaktiv agentligining tegishli buyrug`i mavjud bo`lganda davlat ro`yxatidan o`tkaziladi;
- davlat ko`chmas mulk ob`ekti va bo`sh er uchastkalari negizida amalga oshiriladigan davlat-xususiy sheriklik loyihalari to`g`risidagi ma`lumotlar bitim tuzilgach 10 kun muddatda “Davlat mulki” axborot tizimiga kiritiladi;
- vazirlik va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlarining davlat ko`chmas mulki negizida investisiya loyihalarini amalga oshirish va ularni begonalashtirish hamda davlat ishtirokidagi korxonalar va ular tizimidagi korxonalarga uchinchi shaxslar tomonidan investisiya kiritishga oid kelishuvlari (bitim, shartnoma, memorandumlar) bo`yicha majburiy tartibda Agentlik xulosasi olinadi.
2023 yil 1 iyuldan:
- davlat ishtirokidagi korxonalarning rahbari va uning o`rinbosarlarini tayinlash (saylash) tanlov asosida amalga oshiriladi, bundan Prezident qarorlarida nazarda tutilgan hollar mustasno;
- davlat organlari va muassasalari, davlat ishtirokidagi korxonalar ma`muriy binolaridan xodimlar uchun belgilangan me`yordan kelib chiqib, samarali foydalanish tartibi joriy etiladi.
Shuningdek, davlat aktivlari, ularni boshqarish va xususiylashtirish to`g`risida jamoatchilikni xabardor qilishning quyidagi yangi tizimi joriy qilinadi:
- davlat ko`chmas mulk ob`ektlari, davlat ulushi, davlat unitar korxonalari va davlat muassasalari hamda ularga tegishli avtotransport vositalari to`g`risidagi ma`lumotlar Agentlik rasmiy veb-saytida real vaqt rejimida e`lon qilinadi.
2023 yil 1 oktyabrgacha “Davlat mulki ob`ektlari bilan savdolarni o`tkazish to`g`risidagi ma`lumotlarni joylashtirish portali” yaratiladi, unda barcha davlat mulki ob`ektlarini savdoga chiqarish va uning natijalari to`g`risidagi axborotlar joylashtiriladi hamda ushbu tizim soliq organlarining axborot tizimiga integrasiya qilinadi.
29.03.2023 10:22
O`zbekistonda 1 iyuldan davlat ishtirokidagi korxona rahbarini tayinlash tanlov asosida amalga oshiriladi






