Joriy yil 27 mart kuni Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisi bo`lib o`tdi.
Unda O`zbekiston Respublikasi referendumiga tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazish bilan bog`liq masalalar ko`rib chiqildi.
“O`zbekiston Respublikasining referendumi to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi Qonunining 16-moddasiga ko`ra, O`zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida referendum uchastkalari tuziladi, — dedi O`zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi kotibiyati rahbari Xudoyor Mamatov. — Shuningdek, chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida referendum uchastkalari Tashqi ishlar vazirligining taqdimnomasiga muvofiq tuziladi.
Ushbu qonun talablaridan kelib chiqib, O`zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi 39 ta diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida 55 ta referendum uchastkalari tuzildi. Mazkur referendum uchastkalari 14-Toshkent shahar referendum okrugiga biriktirildi.
Majlisda shuningdek, xalqaro tashkilotlardan kuzatuvchilar, ommaviy axborot vositalarining vakillari hamda mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditasiyadan o`tkazish masalalari ham ko`rib chiqildi.
Ma`lumki, referendumga tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazishga doir barcha tadbirlarda xorijiy va mahalliy kuzatuvchilar hamda OAV vakillari qatnashish huquqiga ega. Ular tegishli tartibda Markaziy saylov komissiyasi tomonidan akkreditasiyadan o`tkaziladi.
Shulardan kelib chiqib, majlisda Tashqi ishlar vazirligining taqdimnomasiga asosan 2023 yil 30 aprelda bo`lib o`tadigan O`zbekiston Respublikasining referendumida Evropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari byurosidan qatnashadigan kuzatuvchilarni akkreditasiya qilish to`g`risida qaror qabul qilindi.
Bundan tashqari, mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditasiyadan o`tkazish borasidagi ishlar ko`rib chiqilib, bu borada davlat va nodavlat OAV vakillari referendumga 10 kun qolgunga qadar akkreditasiya qilinishi mumkinligi qayd etildi.






