Interpolning O`zbekistondagi Milliy markaziy byurosi xodimlari tomonidan xalqaro qidiruvda bo`lgan shaxsni ekstradisiya qilish Shvesiyadan birinchi marta amalga oshirildi. Bu haqda Interpolning O`zbekistondagi Milliy markaziy byurosi xabar qildi.
Ma`lum qilinishicha, Toshkent va Stokgolm Interpol Milliy Markaziy byurolarining hamkorlikdagi harakatlari hamda Lion shahrida o`tkazilgan Milliy markaziy byurolar rahbarlarining yillik konferensiya davomidagi uchrashuvlar natijasida Shvesiyadan birinchi marta jinoyatchi O`zbekistonga ekstradisiya qilindi.
Qidirilayotgan shaxs noqonuniy boyish maqsadida bir guruh shaxslar bilan til biriktirib, puxta o`ylangan rejaga muvofiq, tegishli hujjatlarni qalbakilashtirish orqali ko`chmas mulkni sotish bilan shug`ullangan va o`zining ushbu firibgarlik harakatlari orqali katta moddiy zarar etkazgan.
Olingan ma`lumotlarga ko`ra, jinoyatchi Evropa Ittifoqi mamlakatlari hududida yashiringan, ammo tezkor-qidiruv tadbirlari davomida qidiruvdagi shaxs Shvesiya hududida aniqlangan va hibsga olingan.
O`zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining ekstradisiya to`g`risidagi iltimosnomasi qanoatlantirilganidan so`ng jinoyatchi Interpol MMB xodimlari hamrohligida adolat qaror topishi uchun O`zbekistonga olib kelindi.






