Davlat xavfsizlik xizmatining Samarqand viloyati bo`yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan viloyat bojxona boshqarmasi bilan hamkorlikda o`tkazilgan tezkor tadbirda Jizzax viloyatining Baxmal tumanida yashovchi, 1983 y.t. fuqaro Urgut tumaniga borib, 1992 y.t. tanishidan 1 kg 916 gr. “opiy” moddasini olib, o`zining boshqaruvida bo`lgan “Neksiya 2” rusumli avtomashinada doimiy yashash manziliga qaytib ketayotgan vaqtida Bulung`ur tumanida ushlandi hamda undan giyohvandlik vositasi tegishli tartibda rasmiylashtirib olindi.
Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, unga ajal og`usini bergan fuqaroning Urgut tumanidagi yashash xonadoni ko`zdan kechirilganda, kelgusida sotish maqsadida saqlanayotgan 7 kg 331 gr. “opiy” moddasi borligi aniqlanib, u ham prosessual tartibda rasmiylashtirib olindi.
DXX Navoiy va Jizzax viloyatlari bo`yicha boshqarmalari xodimlari tomonidan bojxona hamda ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda G`allaorol tumanida o`tkazilgan tezkor tadbirda esa Samarqand viloyatining Urgut tumanida yashovchi, 1988 y.t. fuqaro 469 gr. “opiy” moddasini 8 ming AQSh dollariga sotayotgan vaqtida ushlandi.
Ta`kidlash lozimki, mazkur shaxs muqaddam giyohvand moddalar savdosi bilan bog`liq jinoyati uchun sudlanib, jazo muddatini o`tagan bo`lsada, o`z xatosidan to`g`ri xulosa chiqarmagan.
Shuningdek, tezkor surishtiruv harakatlari davomida u ajal og`usini Urgut tumanida yashovchi, 1989 y.t. fuqarodan 5 ming AQSh dollariga sotib olganligi aniqlanib, u ham qo`lga olindi.
Toshkent viloyatida kuzatilgan holatda Namangan shahrida yashovchi, 1982 y.t. ayol Bekobod shahrida hozirda shaxsiga aniqlik kiritilayotgan fuqarodan 1 kg 696 gr. “gashish” moddasini Namangan viloyatiga etkazib berish uchun olib, Ohangaron shahrida Farg`ona vodiysiga qatnaydigan avtomashinalar turargohiga borayotgan vaqtida DXX Toshkent viloyati bo`yicha boshqarmasi hamda viloyat bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan ushlandi.
Aniqlanishicha, narkotik moddani Namangan viloyatining Pop tumaniga olib borib, kerakli joyda qoldirib ketishi uchun ayolga 200 AQSh dollari berilgan.
Ta`kidlash lozimki, barcha holatda giyohvandlik vositalari mamlakatimizga Tojikiston Respublikasidan kontrabanda yo`li bilan olib kelingan.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.






