Turkiya janubidagi dahshatli zilzila qurbonlari soni 20 213 nafarga etdi. Bu haqda mamlakat sog`liqni saqlash vaziri Fahrettin Koja ma`lum qildi, deya xabar qildi "Anadolu" agentligi.
Yana 80 052 kishi jarohatlangan, dedi u.
Vazirning qo`shimcha qilishicha, vayronalar ostidan qutqarilgan 20 mingga yaqin kishiga shoshilinch tibbiy yordam ko`rsatilib, ular havo, quruqlik va dengiz transporti yordamida ofat zonasidan olib chiqilgan.
Turkiya Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi (AFAD) ma`lumotlariga ko`ra, zilzilalardan keyin 1666 ta er silkinishi qayd etilgan.
Hozirgacha ofat hududidan 86 754 kishi evakuasiya qilingan.
Xorijdan kelgan qidiruv-qutqaruv xodimlari soni 7716 nafarni tashkil etdi.
Tabiiy ofat hududiga 12 026 ta texnika, asosan, ekskavatorlar, evakuatorlar, kranlar, buldozerlar, avtomashinalar, suv tashuvchilar, tirkamalar, greyderlar, kanalizasiya va boshqa texnikalar jo`natildi.
Bundan tashqari, Turkiya Harbiy-havo kuchlari Oliy qo`mondonligi, Quruqlik qo`shinlari, Sohil qo`riqlash va Jandarmeriya qo`mondonligiga qarashli 166 aviasiya bo`linmasi ofat hududiga 2139 ta parvozni amalga oshirib, qutqaruvchilar va tibbiyot xodimlarini etkazib, jabrlanganlarni boshqa shaharlarga evakuasiya qildi.
AFAD, Oila va Ijtimoiy Xizmatlar Vazirligi va Qizil Yarim oy jamiyati eng ko`p zarar ko`rgan hududlarga 170 902 chodir va 1 507 494 adyol yubordi. 102 274 ta oilaviy chodir qurib bitkazildi.
Eslatib o`tamiz, 6 fevral, dushanba kuni episentri Qahramonmarashda 7 balldan ortiq (mahalliy vaqt bilan soat 04.17 da – 7,7 ball va 13.24 da – 7,6 ball) episentri bo`lgan ikkita zilzila sodir bo`ldi.
Prezident Rajab Toyyib Erdo`g`an Turkiyada tabiiy ofat qurbonlari munosabati bilan etti kunlik milliy motam e`lon qildi. Turkiya davlat bayroqlari butun mamlakat bo`ylab yarimga hilpiratildi.
Vayronkor zilzila qo`shni mamlakatlarda, jumladan Suriya, Livan, Shimoliy Kipr Turk Respublikasi, Gresiya Kipr va Iroqda ham sezildi.






