AsosiyJamiyat

Jizzaxda eng tez o`sayotgan sanoat tarmog`i nomi ma`lum qilindi

'Jizzaxda eng tez o`sayotgan sanoat tarmog`i nomi ma`lum qilindi'ning rasmi

Prezident Shavkat Mirziyoev 10 fevral kuni Jizzax viloyatida sanoatni rivojlantirish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini ko`paytirish masalalari bo`yicha yig`ilish o`tkazdi.

Viloyatda yangi sanoat korxonalari barpo qilish uchun so`nggi olti yilda qariyb 5 milliard dollar investisiya jalb qilingan. Buning natijasida 2 mingga yaqin yangi korxonalar tashkil qilinib, ishlab chiqarish hajmi qariyb 2 baravarga oshdi.

Oldin viloyatning sanoat mahsuloti asosan paxta tolasi bo`lgan bo`lsa, hozirgi kunda elektrotexnika, optik tola, avtomobil, murakkab kimyoviy moddalar, energotejamkor materiallar kabi yuqori texnologik mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda. Bu sohada 54 ming aholi band. Viloyatdagi sanoat eksporti 1,8 baravar oshib, 166 million dollarga etdi.

Davlatimiz rahbari bu sur`atni davom ettirib, joriy yilda viloyat sanoatini 14 foizga oshirish imkoniyati borligini ta`kidladi. Buning uchun 750 million dollarlik 10 ta yirik loyiha va 580 million dollarlik 110 ta hududiy sanoat loyihasi bajarilishi qayd etildi. Ularda 7 ming 500 ta yangi ish o`rinlari yaratiladi. Shuningdek, kelgusi ikki yilda Jizzaxda avtomobilsozlik va metallurgiya sohalarida yirik loyihalar ishga tushadi.

Jizzaxda eng tez o`sayotgan sanoat tarmog`i bu – qurilish va energiya tejamkor materiallar ishlab chiqarish. Oxirgi besh yilda bu sohada 180 ta yangi korxona tashkil etilgan, 900 million dollarlik 210 ta loyiha ishga tushirilgan. Buning hisobiga qurilish materiallari ishlab chiqarish hajmi 10 baravar oshib, import bo`layotgan 110 million dollarlik mahsulotlar mahalliylashtirildi, eksport esa 7 baravar ko`payib, 35 million dollarga etdi.

Viloyatda birgina bazalt zaxirasi 26 million tonna bo`lib, respublikadagi jami zaxiraning 25 foizini tashkil etadi. Lekin, bular ilgari umuman ishlatilmagan. Hozir esa, bazaltdan talab yuqori bo`lgan 7 xil zamonaviy mahsulotlarni ishlab chiqarish yo`lga qo`yildi. Bu Forish tumanida 6 ta korxonadan iborat yaxlit klasterga aylandi.

Shu bilan birga, Baxmal, G`allaorol, Sharof Rashidov, Zomin, Zarbdor, Zafarobod, Forish va Yangiobodda bazalt, sement, keramzit, shisha va mineral xomashyo zaxirasiga boy 200 ga yaqin konlar bor. Prezident ularga tadbirkorlarni jalb qilib, bozorbop mahsulotlar tayyorlashni yo`lga qo`yish zarurligini ta`kidladi.

Bu yil qurilish materiallari bo`yicha 460 million dollarlik 31 ta loyihani ishga tushirish vazifasi qo`yildi.

    Boshqa yangiliklar