Prezident Shavkat Mirziyoev hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivoji bilan tanishish maqsadida 10 fevral kuni Jizzax viloyatiga tashrif buyurdi.
Safar dasturidagi birinchi manzil Paxtakor tumanidagi "Paxtakor elita urug`chiligi" fermer xo`jaligi bo`ldi. Xo`jalik maydoni 100 gektar bo`lib, shundan 80 gektarida paxta va g`alla, qolgan qismida soya, sarimsoqpiyoz, beda ekilgan.
Davlatimiz rahbari o`tgan yili oktyabrda Sirdaryo viloyatida bo`lganida dala chetlaridagi erlardan samarali foydalanish, fermer va ishchilarga qulaylik yaratish uchun dala uylari qurish zarurligini aytgan edi. Buning ijrosi va samarasi mazkur fermer xo`jaligida namoyon. Dala chetiga tut, uzum, poliz va dukkakli mahsulotlar ekilgan, asalari uyalari qo`yilgan. Engil konstruksiyalardan dala uyi qurilgan, uning tomida quyosh panellari o`rnatilgan.
Prezidentimiz ushbu uyni kirib ko`rdi, fermer oilasi bilan suhbatlashdi.
Qishloq xo`jaligi sohasi mutasaddilari va paxta-to`qimachlik klasterlari rahbarlari bilan muloqotda hosildorlikni oshirish, aholi bandligini ta`minlash bo`yicha ko`rsatmalar berildi.
- Biz nimaga boyligimiz bo`lgan erni klasterlarga berdik? Xalqqa nafi tegishi uchun. Endi klasterlar islohotlarga munosib bo`lib, davlat siyosatini amalga oshirishi kerak. Qishloq xo`jaligini sanoatlashtirish, korxonalar ochish va kasanachilik orqali o`z hududida ishsizlikni kamaytirishi zarur, - dedi Shavkat Mirziyoev.
Ma`lumki, yurtimizda ishsiz fuqarolarga dehqonchilik uchun erlar ajratilmoqda. Jizzax viloyatida bu orqali 13 mingdan ziyod yoshlarning bandligini ta`minlash mo`ljallangan.
- Bir paytlar 1 gektar erni xalqqa berish mumkin emasdi. Hozir 200 ming gektar ajratdik. Nima uchun? Odamlarga daromad manbai bo`lishi uchun. Endi «qarsak ikki qo`ldan chiqishi» kerak, - dedi davlat rahbari.
Fermerlarning manfaatdorligini ta`minlash, mahallalarning «o`sish nuqtalari»ni qo`llab-quvvatlash bo`yicha ko`rsatmalar berildi.






