AQShning Shimoliy Karolina universiteti mutaxassislari svetoforlarda to`rtinchi chiroqni o`rnatishni taklif qilishdi. Bu odatiy (haydovchili) mashinalar va avtopilotli (haydovchisiz) mashinalar harakatlanishini tartibga keltirish uchun kerak, deyishmoqda.
Olimlar o`tkazgan tadqiqotda aniqlanishicha, yo`llarda avtopilotli mashinalar ko`payib borishi barobarida, tiqinlar («probkalar») hosil bo`lishi ehtimoli oshadi. Ayni shu muammoni yumshatish uchun muhandislar svetoforda qo`shimcha to`rtinchi signalni ishga tushirishni taklif qilishmoqda.
To`rtinchi chiroq mashinalar oqimida avtopilotli mashinalar muayyan foizga etganida faollashadi. Ya`ni bu bilan inson-haydovchilarga ham xuddi avtopilotli mashinalar kabi harakatlanish uchun signal beriladi.
Bir qarashda oddiygina ushbu echim yo`llarda tiqinlar sonini hamda yonilg`i sarfini kamaytirishi ta`kidlanmoqda. Buni isbotlash uchun muhandislar yo`ldagi vaziyatni modellashtirib, svetoforning to`rtinchi chirog`i o`rnatilsa qanday natija berishini ko`rsatishdi.






