Respublika hududlari seysmik ball ko`rsatkichlari bo`yicha zonalarga bo`lingan bo`lib, ob`ektlarni joylashtirishda mazkur seysmik ball ko`rsatkichlari inobatga olinadi. Bu haqda bugun, AOKAda o`tkazilgan brifingda vazirlik axborot xizmati rahbari Saidnosir Usmonov ma`lum qildi.
"Ob`ektni loyihalashtirishdan oldin u joylashgan er maydoni bo`yicha topografik tasvir va geologik tadqiqot amalga oshiriladi. Grunt tarkibi va xususiyatlari, sizot suvlar sathi va shu kabi boshqa masalalar ham o`rganiladi. Ushbu tadqiqot natijalaridan kelib chiqqan holda, ob`ektni joylashtirish, uning qavatlar soni, fundamenti, konstruksiyalari va gabarit parametrlari bo`yicha loyiha echimlari tanlanadi. Mazkur jarayonlardan keyin ob`ektlar bo`yicha loyiha hujjatlari ishlab chiqiladi.
So`ngra vakolatli ekspert tashkilotlari tomonidan ekspertizadan o`tkaziladi. Bunda ham seysmik xavfsizlik va mustahkamlik masalalari bo`yicha alohida ko`rib chiqiladi. Ijobiy ekspertiza xulosalari olingach, qurilish ishlarini boshlashga ruxsat beriladi", - deydi Saidnosir Usmonov.
Shuningdek, o`tgan yili arxitektura yo`nalishi bo`yicha olib borgan tekshiruvlari natijasida 6102 ta noqonuniy qurilishlar aniqlangan. Qurilish-montaj ishlari tugallangan bino va inshootlardan foydalanishga ruxsat berish bo`yicha 16 576 ta murojaatlar kelib tushgan. Bunda 11 162 ta ob`ektlarning qurilish ishlari, belgilangan normalarga to`g`ri kelmasligi bois qat`iy rad etilgan.






