AsosiyDunyo

Boku ramzi bo‘lgan bino Turkiya bayrog‘i rangiga burkandi

'Boku ramzi bo‘lgan bino Turkiya bayrog‘i rangiga burkandi'ning rasmi

Ozarbayjon poytaxti Bokuning meʼmoriy ramzlaridan biri hisoblangan Haydar Aliyev markazi 7 fevral oqshomida Turkiya bayrog‘i ranglariga bo‘yaldi. Bu haqda “azertag.az” xabar qildi. 

Maʼlum qilinishicha, aksiya Turkiya va turk xalqi bilan birdamlik belgisi sifatida mamlakat janubidagi vayronkor zilzilalar ortidan uyushtirildi.

Endi turk bayrog‘i bir necha kun davomida markaz binosida aks ettiriladi. Shuningdek, bir necha kun davomida ozarbayjon va turk xalqlarining do‘stligi, qardoshligi va birligini o‘zida mujassam etgan videoproyeksiya namoyish etiladi.

Eslatib o‘tamiz, ayni paytda Turkiyada zilzila qurbonlari soni 6234 nafarga, jarohatlanganlar soni 37011 nafarga yetdi.

Prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Turkiyada tabiiy ofat qurbonlari munosabati bilan yetti kunlik milliy motam eʼlon qildi. Turkiya davlat bayroqlari butun mamlakat bo‘ylab yarimga hilpiratildi.

Shuningdek, vayronkor zilzila qo‘shni mamlakatlarda, jumladan Suriya, Livan, Shimoliy Kipr Turk Respublikasi, Gretsiya Kipr va Iroqda ham sezildi.

So‘nggi maʼlumotlarga ko‘ra, Suriyaning Idlib, Halab, Xama, Latakiya va Raqqa viloyatlarida hozirgacha qurbonlar soni 2 ming nafardan oshgani aytilmoqda. 

    Boshqa yangiliklar