"O`zbekiston temir yo`llari" Afg`onistonga yuklarni tashish to`xtatilganligiga izoh berdi.
"2022 yil dekabr oyida Afg`onistonning maxsus komissiyasi bilan ko`rib chiqilib, kelishilgan “So`g`diyona trans” ShK va Afg`oniston temir yo`llari o`rtasidagi yangi shartnoma shartlarini Afg`oniston temir yo`llari boshqarmasi rahbari tomonidan yangitdan sharhlanishi va bunda ommaviy axborot vositalarida o`zbek tomonini ayblashga harakat qilayotganayotgani hamda kelishilgan xizmat qiymatlarini boshqacha talqin qilib o`zini oqlash uchun foydalanayotgani tushunarsiz vaziyatni yuzaga keltirmoqda", - deyiladi "O`zbekiston temir yo`llari" kompaniyasi izohida
Ta`kidlanishicha, Afg`oniston tomonidan Hayraton stansiyasida amalga oshirishi lozim bo`lgan texnik ishlarini, o`zlari tomonidan belgilangan muddatlarda amalga oshira olmagani to`g`risida hech qanday tushuntirish berilmagan.
O`zbekiston temir yo`llari" kompaniyasi izohiga ko`ra, Hayraton stansiyasiga etkazib berilgan vagonlarni bo`shatish va qaytarish ishlarini tashkil etish uchun Afg`oniston temir yo`l boshqarmasi “Mansur Fatih” kompaniyasini bilan shartnoma imzolagan. Shartnomaga ko`ra, ushbu afg`on tashkiloti 31 yanvarga qadar Hayraton stansiyasida kelishilgan muddatda ishlarni tashkillishtirishga ulgurmagan.
"Bundan tashqari “So`g`diyona trans” ShK tomonidan tadbirkorlar bilan uchrashuvlar o`tkazilib, ularni qo`llab-quvvatlash maqsadida vaqtinchalik avtomobil transporti orqali yuklar tashuvini tashkillashtirishda yordam berishiga qaramay, qo`shni davlat tomoni tadbirkorlarga yuklarni avtomobil transporti orqali tashimaslik to`g`risida tavsiya berayotgani xaqida ma`lumotlar kelmoqda.
Shu bilan birga, Afg`oniston temir yo`l boshqarmasi rahbariyatining iltimosiga ko`ra, keyingi hafta boshida Termiz shahrida Afg`onistonga temir yo`l orqali yuklarni tashishni tashkil etish, Hayraton stansiyasiga etkazib berish va olib chiqishni tashkil etish bo`yicha “So`g`diyona trans” ShK va Afg`oniston temir yo`l boshqarmasi o`rtasida yangi shartnoma imzolanishi rejalashtirilmoqda.
Shartnoma imzolangan kundan boshlab G`alaba – Hayraton temir yo`li ochilishi haqidagi yangiliklarni ma`lum qilamiz" - deyiladi kompaniya Axborot-tahlily media markazi ma`lumotida.






