O`zbekiston hududida chet el fuqarolari va fuqaroligi bo`lmagan shaxslarni vaqtincha turgan joyi bo`yicha ro`yxatga olish tartibi soddalashtirilmoqda. Bu haqda Norma deya xabar berdi.
Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilingan qarorga ko`ra, chet el fuqarolarini migrasiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo`limlari, joylashtirish vositalari yoki davolash muassasalarida vaqtincha ro`yxatga olish uchun yagona muddat (3 kun ichida) o`rnatilmoqda.
Shuningdek, O`zbekistonda bo`lish qoidalarini buzgan, boshqa qoidabuzarliklarga yo`l qo`ygan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo`lmagan shaxslarni joylashtirish vositalari hamda davolash muassasasida vaqtincha ro`yxatga olishni faqat ichki ishlar organlaridan ruxsat olingandan keyin amalga oshirish tartibi bekor qilinmoqda.
Qayd etilishicha, endilikda bunday huquqbuzarliklarga yo`l qo`ygan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo`lmagan shaxslarni joylashtirish vositalari va davolash muassasalari ma`muriyati, xususiy uy-joy egalari hududiy ichki ishlar organlariga E-mehmon dasturi orqali xabar bergan holda joylashtiradi.






