Davlat rahbari Shavkat Mirziyoev bugun Farg`ona viloyatida bo`lib turibdi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar bermoqda.
Davlat rahbari 2022 yil may oyida viloyatga tashrifi chog`ida “Global textile infinity” klasterining ishlab chiqarish loyihasi bilan tanishgan edi. O`shandagi ko`rsatmalar asosida loyiha jadallashtirilib, dekabrda ishga tushirilgan.
Bu galgi tashrifda Qo`shtepa tumanidagi mazkur to`qimachilik korxonasi ko`zdan kechirildi.
Bu erda paxta etishtirish va uni qayta ishlashning to`liq jarayoni yo`lga qo`yilgan. 132 million evro evaziga katta fabrika tashkil etilib, Shveysariyaning “Rieter machine works” uskunalari o`rnatilgan.
Korxona yiliga 18 million metr aralash mato hamda 10 million dona tayyor mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega. Evropa davlatlari va Xitoyga 85 million evrolik mahsulot eksport qilish rejalashtirilgan. Buning uchun korxonada sifat laboratoriyasi tashkil etilgan.
Prezident tayyor mahsulotlar turini ko`paytirish, taniqli brendlar bilan hamkorlik o`rnatish zarurligini ta`kidladi.
Ta`kidlanishicha, ushbu klaster majmuasida vodiy viloyatlarida paxta-to`qimachilik sanoatini rivojlantirish masalalari bo`yicha yig`ilish o`tkazilgan.
O`tgan olti yilda bu viloyatlarda 35 ta klaster tashkil etilib, 670 million dollarlik 150 dan ortiq yirik loyiha ishga tushirilgan.
Ma`lumki, shu yil 26 yanvarda paxtachilik klasterlari faoliyatini yanada qo`llab-quvvatlashga oid Prezident qarori qabul qilingan. Unga ko`ra, klasterlar paxta etishtirishga o`g`it, urug`, yoqilg`i uchun imtiyozli kreditlarni istalgan vaqtda olish imkoniga ega bo`lgan. Ularga g`o`za navlarini mustaqil joylashtirish, chetdan hosildor navlarni seleksiya uchun olib kelishga ruxsat berilgan.
Shuningdek, lazerli tekislagichlarni sotib olishda ular qiymatining 30 foizi byudjetdan qoplab berilgan. Ishlab chiqarishni ilm bilan bog`lash maqsadida har bir klasterga paxtachilik ilmiy tashkilotlari va agroxizmat markazlari biriktirilgan.
Yig`ilishda mazkur chora-tadbirlarning amaliy jihatlariga to`xtalib o`tilgan.
Paxta hosildorligini oshirish, ip-kalavani chuqur qayta ishlab, tayyor mahsulotlarni ko`paytirish bo`yicha ko`rsatmalar berildi. Vodiy viloyatlarida to`qimachilik mahsulotlari eksportini joriy yilda 2,5 milliard dollarga etkazish imkoniyati borligi ta`kidlandi.
Iqtisodiyot tarmoqlaridagi bugungi tendesiyaga hamohang, klasterlar ham energiya iste`molining bir qismini muqobil manbalarga o`tkazishi zarurligi qayd etildi.






