2022 yilning 9 avgust kunidan 10 avgust kuniga o`tar kechasi soat 00:04larda noma`lum shaxslar Chortoq tumani Baliqko`l MFYda joylashgan “Sulton Uvays Qaraniy” ziyoratgohida mavjud bo`lgan “Qur`oni Karim” kitobining qo`lyozma nusxasini o`g`irlab ketgani haqida xabar bergan edik.
Jinoyat ishlari bo`yicha Chortoq tuman sudi raisi Ibrohim Jabborovning ma`lum qilishicha, Namanganda "Qur`oni Karim" noyob qo`lyozmasini o`g`irlagan jinoyatchilar javobgarlikka tortildi
Adliya vazirligining ma`lumotiga ko`ra, 2022 yil 10 avgust kuni 2 marta sudlangan E.Abdusattorov Namangan shahrida istiqomat qilgan eski tanishi va jinoiy sherigi R.Shoisaev bilan birga bu jinoyatni sodir etgan.
U o`g`rilik bo`yicha Shoisaevga aytganda, bankdan krediti va do`stlaridan qarzi bo`lgan sherigi bunga rozi bo`lgan.
Shu kuni ikkovlon yuzlariga niqob, qo`llariga ishchi qo`lqop kiyib, tungi soat 01:00larda tumanning “Baliqko`l” mahallasida joylashgan “Sulton Uvays Qaroniy” ziyoratgohi muzeyiga kelishgan. Ular jinoyatlarini yashirish maqsadida ziyoratgoh chiroqlarini asosiy tarmoqdan uzgan va muzeyda saqlanayotgan, 1874 yilda hattotlar tomonidan ko`chirilgan nodir qo`lyozmali “Qur`oni Karim” kitobini o`g`irlagan. Keyin ular Namangan shahriga kelib, kalomullohni R.Shoisaevning singlisi N.Shoisaevanikiga yashirishgan. Ammo xonadon sohibasiga kitobning o`g`irlanganini aytishmagan.
Biroq, o`g`rilar tez orada qo`lga olingan. Negaki ular ziyoratgoh hududi va atrofiga o`rnatilgan videokuzatuv moslamalariga tushib qolgan. Kitob esa ziyoratgohga qaytarilgan. “Qahramon”larga nisbatan jinoyat ishi qo`zg`atilib, mazkur holat jinoyat ishlari bo`yicha Chortoq tuman sudida ko`rib chiqildi.
Sud E.Abdusattorov va R.Shoisaevni Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi “v” bandi (ko`p miqdorda sodir etilgan o`g`rilik) bilan aybdor deb topib, ularni ozodlikdan mahrum qilish jazosiga mahkum etdi.
Sud tumanning 2-sektor rahbariga biriktirilgan “Baliqko`l” mahalla fuqarolar yig`ini mas`ullari tomonidan sudlanuvchi E.Abdusattorovning oilaviy ahvoli o`z vaqtida o`rganilmagani, uni ish bilan ta`minlash choralari ko`rilmagani, xulq-atvori e`tiborsiz qoldirilgani, muqaddam sudlangan shaxslar bilan ishlash holati yuzaki ekanligi yuqoridagi jinoyatga sabab bo`lgan deb hisobladi.
Ma`lumot uchun, O`zbekiston turizm va madaniy me`ros agentligining 2022 yil 22 dekabrdagi san`atshunoslik ekspertizasi xulosasida, nodir “Qur`oni karim” kitobining mamlakat ichki bozoridagi bahosi 92 000 000 so`m deb belgilangan.






