AsosiyJamiyat

“Eng yaxshi ayol obrazi”: Ra`no Shodieva Hindistonda o`tkazilgan festivalda g`oliblikni qo`lga kiritdi

'“Eng yaxshi ayol obrazi”: Ra`no Shodieva Hindistonda o`tkazilgan festivalda g`oliblikni qo`lga kiritdi'ning rasmi

O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist Ra`no Shodieva Hindistonning Mumbay shahrida bo`lib o`tgan Shanxay hamkorlik tashkiloti (ShHT)ga a`zo davlatlarning badiiy va televizion filmlari festivali (NFDC) ning “Eng yaxshi ayol obrazi”  nominasiyasi g`olibligini qo`lga kiritdi.  Bu haqda Kinematografiya agentligi Axborot xizmati xabar berdi.

O`zbekiston Respublikasi Kinematografiya agentligi, “Central Asian Trade Company” (CATC) hamda “Dilshoh media” kinostudiyalari hamkorligida suratga olingan “Ayol qismati” badiiy filmi hayotda sodir bo`lgan real voqeliklarga asoslangan.

Kinokartina Prezidenti topshirig`iga ko`ra 2019-2020 yillarda amalga oshirilgan insonparvarlikning eng oliy namunasi bo`lmish  “Mehr” operasiyasi doirasida Suriyadan olib chiqilgan yuzlab ayollardan biri - Sojidaning ayanchli taqdirini  juda ta`sirli tarzda ekranda gavdalantirgan.  

“Bu kichkina mehnat deya olmayman, katta mehnat qildik. Lekin bu mehnatning mana bunday yoqimli daqiqalari bo`ladi, men bundan juda ham xursandman. Konkursga qo`yilgan barcha filmlar juda yuksak darajadagi kartinalar edi, unda rol ijro etgan aktyorlar ham juda iste`doli, mahoratli, lekin ularning orasidan meni tanlashganidan boshim osmonga etdi. Bu nafaqat mening, balki butun guruhimizning yutug`i. Ushbu festivaldagi 8 ta sovrindan biri bizga nasib etdi, demak bu butun o`zbek kinosining ham yutug`i . Bunday e`tiroflar ijodkor uchun kerak. Yana va yana yaxshi ijod qilish uchun qandaydir bir ilhom beradi san`atkorga", - deydi  Ra`no Shodieva. 

 Ma`lumot uchun, “Ayol qismati” badiiy filmi Turkiyaning Bursa shahrida bo`lib o`tgan “2-Qo`rqut ota” kinofestivalida “gran pri”ni qo`lga kiritgan hamda O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist Ra`no Shodieva hakamlar hay`atining maxsus mukofotiga sazovor bo`lgan edi.

Shuningdek, 2022 yil 24 dekabrda bo`lib o`tgan Oltin Xumo” Milliy kino taqdimotida ham Ra`no Shodieva “Eng yaxshi ayol aktrisa” nominasiyasida g`olib bo`lgan.


 

    Boshqa yangiliklar