Sog`liqni saqlash vazirligi tomonidan shu yil 1 fevraldan 1 martgacha yurtimizda “Qishloq xo`jaligi xodimlari salomatligi oyligi” aksiyasi o`tkaziladi. Bu haqda SSV matbuot kotibi xabar bermoqda.
Bu davrda mamlakatimizdagi agrar soha xodimlari — fermerlar, dehqon, bog`bonlar, klaster xodimlari va ularning oila a`zolari, avvalo, bepul profilaktik va chuqurlashtirilgan tibbiy ko`riklar hamda skriningdan o`tkaziladi.
Tekshiruv natijalariga muvofiq, kasalliklar aniqlangan qatlam davlat ko`magida salomatligini tiklash va mustahkamlash imkoniyatiga ega bo`ladi.
Tibbiy tekshiruvlar davomida:
- 18 yoshdan 40 yoshgacha bo`lgan aholi — oila shifokori profilaktik ko`rigidan;
- 40 va undan katta yoshdagi aholi — yuqumli bo`lmagan kasalliklar skriningidan;
- 35-55 yoshli ayollar — bachadon bo`yni saratoni tekshiruvidan;
- 45-65 yoshli ayollar — ko`krak bezi saratoni skriningidan;
- 15-49 yoshli xotin-qizlar — profilaktik ko`rik, homiladorlikka monelik aniqlash ko`rigidan;
- sil kasalligi bo`yicha xavf guruhiga mansub qatlam — flyuorografik tekshiruvdan;
- surunkali kasalligi bor bemorlar — oilaviy shifokor va tegishli tor soha mutaxassislari tomonidan dispanser ko`rigidan;
1-18 yoshli bolalar — chuqurlashtirilgan tibbiy ko`rikdan;
2-10 yoshli bolalar — gelmintozga tekshiruvdan;
3-18 yoshli bolalar — onkogematologik kasalliklar skriningidan o`tkaziladi.
Eslatib o`tamiz, ushbu tibbiy ko`rik va skrining tekshiruvlari bepul amalga oshiriladi, deyiladi vazirlik xabarida.






