Shavkat Mirziyoevning Qirg`izistonga davlat tashrifi davomida 2006 yil 3 oktyabrda imzolangan O`zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Qirg`iziston Respublikasi Hukumati o`rtasida imzolangan fuqarolarning o`zaro borib-kelishlari to`g`risidagi Bitimga o`zgartirishlar kiritish to`g`risida Bayonnoma ham almashinildi.
Unga ko`ra, endilikda O`zbekistonning barcha fuqarolari Qirg`izistonga, xuddi shunday Qirg`iziston fuqarolari O`zbekistonga ID-karta orqali kirishlari mumkin bo`ladi (ilgari faqat xorijga chiqish pasporti bilan mumkin edi).
Fuqarolarning chegaradan kirish-chiqishi haqidagi ma`lumotlar elektron tarzda qayd etiladi, pasportga shtamp bosishga hojat qolmaydi.
Ushbu engillik istalgan transport orqali (samolyot, poezd, avtomobil, avtobus va hk) chegarani kesib o`tishda amal qiladi.
Mazkur tartib imzolangan hujjatlar ikkala davlat tomonidan tegishli tartibda tasdiqlangan so`ng kuchga kiradi. Bu taxminan 1-2 oy vaqt olishini ma`lum qilishmoqda.
Ushbu tartib ayniqsa O`zbekistonning eksklav hududlari bo`lgan So`x, Shohimardon, Cho`ng`ara kabi hududlaridagi yurtdoshlarimiz uchun katta engillik bo`ladi, ularning chegaradan o`tishlaridagi ortiqcha byurokratiyaga chek qo`yadi.
Eslatib o`tamiz, bugungi kungacha hali birorta davlat bilan ID-karta orqali o`zaro borib-kelish tartibi yo`lga qo`yilmagan edi. Qirg`iziston birinchisi bo`ldi.






